“Xalq va armiya yakdilligi yo‘lida” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi

0
1002

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Xalq va armiya yakdilligi yo‘lida” mavzusida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faoliyati tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumanida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev, Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi, Jamoatchilik kengashi raisi oʻrinbosari Qutbiddin Burhonov, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi azosi filologiya fanlari doktori professor Xamidulla Dadaboyev hamda Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari polkovnik Mehriddin Qoʻchqorov spiker sifatida anjuman ishtirokchilariga “Xalq va armiya yakdilligi yoʻlida” mavzusida maʼruza qilib, respublika axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga toʻlaqonli javob berdilar.

Ta’kidlash kerakki, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi va hududiy boʻlinma aʼzolari tomonidan “Xalq va armiya – bir tanu bir jon” degan ezgu gʻoyani amalda roʻyobga chiqarish borasida harbiy qism va muassasalarda, maktab, akademik litsey va mahallalar hamda boshqa tashkilotlarda yozuvchi va shoirlar, maʼnaviyatchi va tarixchilar, fan, sanʼat arboblari hamda deputat va senatorlar ishtirokida qator tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

 Jumladan, Jamoatchilik kengashi va hududiy kengash aʼzolari har haftaning juma kunlari 595 marotaba “Maʼnaviy yuksalish va vatanparvarlik kuni” tadbirlar doirasida, 384 marotaba ochiq eshiklar kuni tadbirlarida, 458 marotaba davlat va umumxalq bayramlari, muhim sanalar munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirlarda, 87 marotaba sogʻlom turmush tarzi va sportni targʻib etishga qaratilgan tadbirlarda, 353 marotaba “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” tadbirlarida ishtirok etdilar. Jamoatchilik kengashi aʼzolari yordamida harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolarining 274 marotaba madaniy yodgorliklar, tarixiy obidalar, viloyat va shahar markazlaridagi teatr, muzey, istirohat bogʻi va xiyobonlarga tashriflari uyushtirildi.

Kengash aʼzolari Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tadbirlarda, Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari va Vatan himoyasi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning oilalariga uyushtirilgan tashriflarda, harbiy xizmatchilarning byustlari oʻrnatilgan maktablardagi xotira kechalarida, “Vatanga qasamyod” qabul qilish tadbirlarida ham ishtirok etdilar.

Kengash komissiyalari va aʼzolari tomonidan yil davomida bir qator keng qamrovli ishlar olib borildi, jumladan:

  • Sogʻliqni saqlash vazirligining hududiy boshqarmalari, “Sogʻlom avlod uchun” fondining filiallaridagi koʻchma brigada shifokorlari tomonidan olis garnizonlarda 21 916 nafar harbiy xizmatchining oila aʼzolari chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi;
  • 2022-2023-yillarda muddatli harbiy xizmatni oʻtagan 1 100 nafar fuqaro oʻrtasida ijtimoiy tadqiqot oʻtkazilib, umumtaʼlim maktablarida chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani darslarining oʻtish sifati, muddatli harbiy xizmatga chaqiruv punktlarida yaratilgan sharoitlar, tibbiy komissiyalar faoliyati, muddatli harbiy xizmat uchun yaratilgan sharoitlar, harbiy xizmatchilarning oʻz huquqlarini bilish darajasi hamda muddatli harbiy xizmatni tugatib qaytgan fuqarolarni bandligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan masalalar oʻrganildi;
  • Shimoli-gʻarbiy, Markaziy va Toshkent harbiy okruglarida qoʻshinlarning jangovar tayyorgarligi, zamonaviy qurol-yarogʻlar, harbiy texnika, oʻquv-moddiy baza, oziq-ovqat va boshqa moddiy-texnik taʼminot turlari bilan butlanishi, harbiy sohada qabul qilingan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi koʻrib chiqildi;
  • Mudofaa vazirligi hamda kuch tuzilmalari hamkorligida ishlab chiqilgan “Harbiy xizmatchilar maqomi va ularni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Faxriylar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni va “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Umumharbiy Nizomi” loyihalari oʻrganib chiqilib, tegishli taklif va tavsiyalar berildi;
  • “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumini tashkil etish, vazirlik tizimidagi madaniyat maskanlari imkoniyatini toʻliq ishga solish, harbiy xizmatchilar oʻrtasida Zahiriddin Muhammad Boburning maʼnaviy merosi va harbiy jang sanʼatini oʻrganish va targʻib etish masalalariga ham katta eʼtibor berildi.

Kengash tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar natijasida Qurolli Kuchlar ustidan samarali fuqarolik nazorati mexanizmi shakllanib borayotganligini kuzatish mumkin. Bir soʻz bilan aytganda, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi va uning hududiy boʻlinmalari davlat organlari, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini taʼminlash uchun Mudofaa vazirligini fuqarolar bilan bogʻlab turuvchi “koʻprik” vazifasini bajarib kelmoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti