Kattaqoʻrgʻonlik yoshlar uchun harbiy qismda “Ochiq eshiklar kuni” oʻtkazildi

0
2208

Markaziy harbiy okrugning Kattaqoʻrgʻon garnizonidagi harbiy qismda yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.

Yoshlar harbiy qismda yaratilgan sharoitlar, xususan, kutubxona, oshxona, yotoqxona va yurt oʻgʻlonlarining bilim va koʻnikmalarini mustahkamlashda muhim hisoblangan oʻquv sinflari, oʻqotar va guruh qurollaridan nishonlarni yakson etishda ponaramali otish majmualari bilan yaqindan tanishdi.

Harbiy qism boʻylab tashkil etilgan ekskursiya davomida yoshlar oʻrtasida turli sport musobaqalari hamda tanlovlar oʻtkazildi. Umuman olganda, yoshlarga jasorat va mardlik namunalari sanalgan harbiy xizmatchilarning hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishish imkonining berilishi ulardagi faxr va gʻurur kabi hislarni uygʻotdi.

Yakunda esa faol yoshlarga esdalik sovgʻalari topshirilib, harbiy orkestr jamoasining konsert dasturlari namoyish etildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati