Bir guruh oʻquvchilarga “Vatan tayanchi” koʻkrak nishonlari topshirildi

0
1373

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi Milliy gvardiya boshqarmasi madaniyat saroyida Qarshi shahrida joylashgan 8-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilaridan tashkil topgan “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati aʼzolarining tantanali “Vaʼda berish” marosimi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Harbiy prokuratura hamda boshqa vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida oʻtgan tadbir harakat aʼzolari yodida bir umrga muhrlanadigan boʻldi.

Tabrik uchun soʻz olgan Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni oʻrinbosari ertamiz egalariga omad tilash barobarida, shu yuksak nishonga munosib boʻlish uchun tinimsiz taʼlim olish va hunar egallash lozimligini alohida taʼkidladi.

Shundan soʻng oʻquvchilarga “Vatan tayanchi” koʻkrak nishonlari taqilib, guvohnomalar topshirildi.

Shuningdek, Navoiy viloyatining Tomdi hamda Samarqand viloyati Qoʻshrabot tumanlarida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi va harbiy-vatanparvarlik festivali oʻtkazildi.

“Armiya — vatanparvarlik va jasorat maktabi” shiori ostida oʻtkazilgan mazkur uchrashuvlarda harbiy qism komandirlari bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil maʼlumotlar berdi. Uchrashuvlar davomida “Vatan tayanchi” harakatining otryadi aʼzolariga koʻkrak nishonlari hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.