Sharqiy harbiy okrugda tarix oʻquv binosining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

0
4507

Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlarida tashkil etilgan yangi tarix oʻquv binosining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Aybek Saidov, viloyat hokimi sektorlari rahbarlari, faxriylar, ofitserlar, serjantlar, harbiy xizmatchilar, yoshlar ishtirok etdi.

Ochilish marosimida soʻz olganlar mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida katta oʻringa ega boʻlgan okrugda tashkil etilgan ushbu maskan nafaqat harbiy xizmatchilar, balki butun fargʻonalik yoshlarning maʼnaviy maskaniga aylanishiga tilak bildirdi. Yoshlar, harbiylar va ularning oila aʼzolari vatanimiz tarixi bilan tanishish imkoniga ega boʻlishi mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tarixni bilmasdan kelajak yaratib boʻlmasligi, yoshlar tariximizni mukammal bilsa, tarixdagi yutuqlarni mustahkamlash va yanada rivojlantirish uchun yangi gʻoya va strategiyalar paydo boʻlishligi taʼkidlandi.

Faxriylar ishtirokida ramziy lenta kesilib, Vatanimizning boy tarixini oʻzida mujassam etgan tarix oʻquv binosi bilan yaqindan tanishildi.

Mazkur tarix oʻquv binosi yurtimizning qadimiy davlatchilik tarixi, xalqimizning etnik rivojlanish bosqichlari, buyuk ajdodlarimiz hamda ular yaratgan shonli tarix, shuningdek, sabotli xalqimiz boshidan oʻtkazgan tariximizning achchiq sahifalari haqida soʻzlaydi. Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur xonalarida esa ularning harbiy jang sanʼati, tarixiy merosi, armiyasining jangovar qudrati kabilar aks ettirilgan. Bu yerdagi koʻrgazmalarda qatagʻon siyosati, “Paxta ishi” kabi xalqimiz boshidan oʻtkazgan ogʻir kunlar faktlar bilan yoritilgan.

Bir soʻz bilan aytganda, Vatanimiz va xalqimiz bosib oʻtgan ulkan tarix jonkuyar mutaxassislar, tarixchi olimlar, amaliy sanʼat ustalari, harbiylar tomonidan mahorat bilan ochib berilgan.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati