Turon buyuk sarkardalarining jahon harbiy sanʼatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi

0
1911

Bugun, 27-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi anjumanlar zalida Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etilgan “Turon buyuk sarkardalarining jahon harbiy sanʼatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi” mavzusida respublika harbiy-ilmiy konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Konferensiya Mudofaa vazirligi Harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasi boshligʻi, yuridik fanlari nomzodi, dotsent U.O.Mamadaliyev tomonidan ochib berildi.

Tadbirda davlatimizning oliy (oliy harbiy) taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari yetakchi olimlari hamda mutaxassislari faol ishtirok etdi.

Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida davlat va jamiyatning barcha yoʻnalishlarida boʻlgani kabi harbiy ilm-fan sohasida ham keng qamrovli islohatlarni amalga oshirilishi bilan birga, milliy harbiy merosni tizimli oʻrganishga katta ehtiyoj sezilmoqda.

Shu nuqtayi nazardan ushbu konferensiya yurtimizdan yetishib chiqqan, jahon harbiy sanʼatiga salmoqli hissa qoʻshgan buyuk sarkardalarimizning harbiy jang sanʼatiga, ularning bizga qoldirgan boy merosini oʻrganish masalasi tadbirning ahamiyatini yanada oshirdi.

Ilmiy tadbir barcha ishtirokchilar uchun oʻz ilmiy izlanishlari natijalari yuzasidan fikr almashishi uchun samarali muloqot maydoniga aylandi. Konferensiya davomida qayd etilgan xulosalar va dolzarb maʼruzalar qizgʻin ilmiy munozaralarga sabab boʻldi.

Maʼruzachilar buyuk ajdodlarimizning boy merosi, ularning sarkardalik mahorati, strategiyasi, jang taktikasi boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlar oʻtkazish hamda Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur, Shoxruh Mirzo, Mirzo Ulugʻbek, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa tarixiy sarkardalarimiz qahramonliklarini tizimli oʻrganish va tahlil qilish, milliy harbiy sanʼatimiz namunalarini keng ommalashtirish, ularni zamonaviy harbiy sanʼatni rivojlantirishning konseptual nazariyalarida qoʻllash imkonini beradi.

Respublika ilmiy konferensiya yakunida faol ishtirokchilar Mudofaa vazirligi rahbariyatining qimmatbaho sovgʻalari va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.

Katta leyetenant Bobur Elmurodov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti