Muddatli harbiy xizmatchilar oʻrtasida “Eng ilgʻor kinolog” musobaqasi o‘tkazildi

0
1194

Mudofaa vazirligi Mutaxassis va xizmat itlarini tayyorlash markazida “Eng ilg‘or kinolog” tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Unda jamoalar bo‘ysundirish sharti, 300 metr masofaga turli to‘siqlardan xizmat itlari bilan o‘tish, “Dog biatlon” kabi bir nechta shartlarda g‘oliblik uchun bellashdi.

“Men g‘olib!” shiori ostida bo‘lib o‘tkan mazkur bellashuvda 15 nafar muddatli harbiy xizmatchi bir necha oylardan buyon birgalikda ishlab kelayotgan xizmat itlari bilan ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi. Shuningdek, jamoalar o‘zaro bilim va tajriba almashish imkoniga ham ega bo‘ldi.

Ayniqsa, “Dog biatlon” musobaqasida ishtirokchilar ham jismoniy, ham aqliy imkoniyatlarini chiniqtirdi. Sababi bu shartda yosh kinologlar 2400 metr masofaga xizmat iti bilan yugurish bilan birga shu shartning o‘zida 10 ta nishonga o‘q uzish sinovlarida ham o‘zaro kuch sinashdi.

Yakunda g‘oliblar diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoaga musobaqa kubogi tantanali ravishda topshirildi.

Yulduz O‘rmonova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti