Harbiy tibbiyot akademiyasiga Qozogʻiston delegatsiyasi tashrif buyurdi

0
1835

Davlatimiz qoʻshni qardosh davlatlar bilan har tomonlama hamkorlik aloqalarida ustuvor ekaniga guvohmiz. Turli yoʻnalish va sohalardagi bunday doʻstona hamkorliklar oʻzining ijobiy natijasini berib kelmoqda. Shu kabi hamkorlik aloqalari harbiy tibbiyotda ham yoʻlga qoʻyilgan. Kuni kecha Qozogʻiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tibbiyot xizmati delegatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasiga tashrif buyurdi.

Qozogʻiston Respublikasi Qurolli Kuchlar harbiy tibbiyot bosh boshqarmasi boshligʻi tibbiy xizmat polkovnigi Yerjan Smayil boshchiligidagi delegatsiya aʼzolariga dastlab Harbiy tibbiyot akademiyasining infratuzilmasi, oʻquv-moddiy bazasi boʻyicha maʼlumot berildi. Shuningdek, qoʻyidagi muhokama etiladigan masalalar koʻrib chiqildi:

  • Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasi imkoniyatlaridan hamkorlikda foydalanish;
  • Bakalavr darajasida kursantlarni oʻqitish, 1 yil;
  • Harbiy internaturada tinglovchilarni oʻqitish, 1 yil;
  • Klinik ordinaturada tinglovchilarni oʻqitish, 2 yil;
  • Magistraturada tinglovchilarni oʻqitish, 2 yil;
  • Harbiy shifokorlarni mutaxassisliklar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi
  • Markaziy harbiy klinik gospitali va Qozogʻiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy gospitallarida amaliyotlarni tashkillashtirish, hamkorlikda murakkab jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish.

Soʻngra mehmonlar tibbiyot akademiyasining tibbiy oʻquv mashq-simullyasiya markazi, oʻquv sinflari, kursantlar yotoqxonasi, kutubxona va sport shaharchasida boʻldi.

Shuningdek, tibbiy maqsadlarda ishlab chiqilgan tibbiy mahsulotlarni (vrach, feldsher, sanitar-yoʻriqchi sumkalari, shaxsiy tibbiy jamlanma, bandaj, alohida bogʻlov paketi (IPP) kabilar) koʻrgazmasi boʻyicha takliflar, hamkorlik borasida oʻzaro savol-javoblar amalga oshirildi.

Delegatsiya aʼzolari kunning ikkinchi yarmida Qurolli Kuchlar Bosh klinik gospitalida boʻlib, u yerdagi soʻnggi rusumda jihozlangan jarrohlik xonalari, davolanish xonalari va bemorlarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Shubhasizki, ikki davlat oʻrtasida amalga oshirilgan hamkorlikdagi harbiy tibbiyot yoʻnalishidagi aloqalar istiqbolda ezgulikka xizmat qiladi.

Zulfiya YUNUSOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti