Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining 30 yilligi nishonlandi

0
887

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining 30 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir oʻtkazildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi deputatlari, Mudofaa, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, DXX Chegara qoʻshinlari, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi mutasaddilari hamda “Vatanparvar” tashkiloti xodimlari va tashkilot tizimida uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan mehnat faxriylari ishtirok etdi.

Tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, 1991-yil 23-noyabrda boʻlib oʻtgan armiya, aviatsiya va flotga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti jamoat birlashmasi sifatida tashkil etilgan. Asosiy vazifalari esa aholi, ayniqsa, yoshlarni mudofaaga tayyorlash, ularni sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish hamda ommaviy texnik kasblarga oʻqitish etib belgilangan edi.

Sarhisob qiladigan boʻlsak, tashkilot oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni aʼlo darajada bajarib kelmoqda. Soʻzga chiqqanlar “Vatanparvar” tashkiloti bugun respublikamiz yoshlarining sevimli koʻmakchisiga aylangani, bu yoshlar taqdirida oʻz aksini topayotganini taʼkidladi. Tadbir davomida tashkilot tizimidagi 2021-yilning “Eng yaxshi boshlangʻich tashkilot raisi”, “Eng yaxshi oʻqituvchi”, “Eng yaxshi yoʻriqchi”, “Eng yaxshi sportchi”, “Eng yaxshi murabbiy” nominatsiyalari gʻoliblari, tashkilot xodimlari, mehnat faxriylari, hamkor tashkilotlar vakillari hamda kuni kecha respublika bosqichi yakunlangan “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining gʻolib jamoalari esdalik sovgʻalar, “Vatanparvar” tashkilotiga 30 yil” esdalik nishonlari va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tashkil topganiga 30 yil toʻlishi munosabati bilan OAV xodimlari oʻrtasida “Vatanparvar” tashkiloti – jurnalist nigohida” mavzuida respublika tanlovi eʼlon qilingan edi. Quvonarlisi, hamkasbimiz – Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Vatanparvar” gazetasi muxbiri leytenant Islomjon Qoʻchqorov mazkur tanlovning “Eng yaxshi bosma OAV jurnalisti” yoʻnalishida faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritib, diplom va esdalik sovgʻa bilan taqdirlandi. Tadbir ishtirokchilari xushovoz xonandalar hamda Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli sanʼatkorlarining konsert dasturidan bahramand boʻldi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti