Mustahkam iroda, bilim va koʻnikmalar amaliy mashgʻulotlarda namoyon boʻlmoqda

0
2291

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni rahbarligidagi kompleks tekshiruvlarning Muborak garnizonida joylashgan harbiy qismida oʻtkazilayotgan jarayonlari ham yuqori saviyada davom etmoqda. Tekshiruvning keying kunlarida ishtirokchilardan jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinovlar qabul qilindi. Bunda ular turnikda aylanish, 100 metrga yuqori tezlikda yugurish hamda 3 kilometrga yugurish kabi mashqlarni bajarishdi.

Shundan soʻng, mustahkam iroda, chuqur bilim va koʻnikma talab etadigan mashgʻulotlar boshlandi. Sinovlar moboynida harbiy xizmatchilardan otish, texnik, taktik va tibbiy tayyorgarlik hamda radiatsion, kimyoviy va biologik muhofaza yoʻnalishlari boʻyicha meʼyorlar qabul qilindi.

Oʻquv sinflarida esa umumharbiy nizom va harbiy topografiya fanlaridan, shuningdek, saf, aloqa, safarbarlik hamda razvedka tayyorgarligi boʻyicha olingan test sinovlari qatnashchilarning bilimlarini yana bir bor sinovdan oʻtkazdi.

Har bir yoʻnalishlar boʻyicha olib borilayotgan mashgʻulotlarda alp oʻgʻlonlar yaxshi natijalarni koʻrsatish maqsadida shijoat bilan harakat qilishyapti. Bunda esa ularga doimiy ravishda sohada egallagan bilimlari qoʻl kelmoqda. Haqiqiy yurt himoyachilarini jismoniy va jangovar tayyorgarligini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan mazkur kompleks tekshiruvning navbatdagi jarayonlari ham rejaga asosan olib borilmoqda.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati