“Yashil makon” umummilliy loyihasida harbiy xizmatchilar faol ishtirok etmoqda

0
971

Koʻchatlarni ekish jarayonida aynan oʻlkamizning shimoliy hududlari ob-havosi va tashqi muhitiga moslashuvchan, yillar davomida oʻsib yashovchanlik qobiliyatini namoyon etgan, qumli va shoʻr yerlarga hayot baxsh eta oladigan daraxtlarni koʻproq ekilishiga ahamiyat qaratilmoqda.

Taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, mazkur loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish belgilangan edi. Bunday keng koʻlamli tashabbusning amalga oshirilishi natijasida shaharlarimizdagi yashil maydonlar hududi hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirilishi rejalashtirilgan.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tashabbusi bilan oktabr oyining oxirgi haftasida Nukus garnizonida mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekilishi boshlandi. Koʻchatlarni ekish tadbirlarida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi hamda harbiy xizmatchilar faol qatnashib, mamlakatimiz ekologiyasining kelajagi uchun ulkan umidlar bilan Nukus garnizonidagi harbiy qism va muassasalar hududlariga koʻchatlarni ekib chiqishmoqda.

Harbiy qism va muassasalar, harbiy shaharchalar hududlarini koʻkalamzorlashtirish maqsadida Nukus va Urganch garnizonlaridagi harbiy shaharchalarning hududidagi boʻsh yerlarga manzarali daraxtlar ekilmoqda.

Ekologiya va atrof muhitni yaxshilash, hududlarni obod va koʻrkam qiyofaga keltirish maqsadida oʻtkazilayotgan “Yashil makon” umummilliy tadbiri harbiy okrug hududida davom etmoqda. Mavsum davomida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan 30 ming tupdan ziyod daraxt koʻchatlari ekilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, qoʻmondonlik tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyiha doirasida 2023-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 35 ming va Xorazm viloyatida 38 ming koʻchatlarni shahar va tumanlarda, ovul va qishloqlarning boʻsh turgan yerlarini obodonlashtirish maqsadida ekilishi belgilangan.

Nukus shahridagi Amudaryo mahallasida 5 km yoʻlning ikki chetiga harbiy okrug harbiy xizmatchilari, oʻrmon xoʻjaligi hamda shahar hokimligi tomonidan 150 tup manzarali daraxt koʻchati yerga qadalib, koʻchalar obod holatga keltirildi. Bunday xayrli tadbirlar davom etmoqda.

Shuningdek, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi tassrrufidagi Termiz garnizonida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari M-39 avtomobil yoʻli bo‘yiga bugunning oʻzida 500 dan ortiq mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini ekdi.