Qashqadaryoda keng qamrovli sayyor qabul oʻtkazildi

0
1579

Har qanday soha xodimining sermahsul faoliyat olib borishi, oʻz ishini koʻtarinki ruhda tashkil etishi uchun biroz ragʻbat va eʼtibor boʻlishi muhim, albatta. Qurolli Kuchlarimizda masʼul rahbarlar tomonidan koʻplab sayyor qabullar, uchrashuvlar tashkil etilishi mohiyatida ham shu kabi maqsadlar mujassam.

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi Milliy gvardiya boshqarmasi madaniyat saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi, Mudofaa vazirligi hamda boshqa vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida yana bir keng qamrovli sayyor qabul tashkil etildi. Harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari, shuningdek, aholi vakillari savollariga batafsil javob berish, muammoli masalalarini ijobiy hal etishni nazarda tutuvchi ushbu uchrashuv yuqori saviyada, tartibli ravishda tashkil etildi.

Soʻz olganlar tomonidan tadbir maqsadi va mohiyati tushuntirib oʻtilgach, har bir vazirlik rahbariyati uchun ajratilgan xonalarda qabul jarayonlari boshlab yuborildi. Jarayonlarda yigʻilganlarning huquqiy va ijtimoiy masalalar yuzasidan uchragan muammolari, yechimi izlanayotgan masalalari mutaxassislar tomonidan koʻrib chiqildi.

Koʻplab murojaatlar harbiy xizmatchilarning band boʻlmagan turmush oʻrtoqlarini munosib ish bilan taʼminlash, uzoq muddatli ipoteka krediti asosida uy olish singari masalalar yuzasidan boʻldi. Qabul jarayonlarida yuzlab murojaatchilar oʻz savollari bilan yuzlangan boʻlsa, ularning aksari joyida ijobiy hal etildi. 

Oilalarda uchrayotgan kichik kamchiliklarni bartaraf etish uchun ham aniq vazifalar belgilanishi, harbiy xizmatga qabul qilish uchun qoʻyilgan talablar borasida atroflicha maʼlumotlar berilishi kabi ishlar tashrif buyurganlarni quvontirgani aniq.

Bu kabi tadbirlarning tashkil etilish mohiyati harbiy oilalar farovonligini taʼminlashga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.