Samarqandda “Kuzgi daraxt ekish mavsumi” jadallik bilan davom etmoqda

0
1153

Mamlakatimiz boʻylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yilning 25-oktabridan 1-dekabr kuniga qadar “Kuzgi daraxt ekish mavsumi” eʼlon qilingan edi. Unga muvofiq, Markaziy harbiy okrugning barcha garnizonlarida ham ushbu mavsum ko‘tarinkilik bilan davom etmoqda.

Xususan, Samarqand viloyatida mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtab boshligʻi general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov hamda okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farrux Ziyabayev boshchiligida “Kuzgi daraxt ekish mavsumi” boshlanib, hududlarda koʻchat ekish tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Ushbu loyiha doirasida mavsum davomida Markaziy harbiy okrug hududi boʻylab 75 mingdan ortiq mevali va manzarali koʻchat ekish ishlari rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan va joriy yilning bahor mavsumida Samarqand shahar “Choʻpon-ota” massivida joylashgan 50 gektar yer maydonida Samarqand garnizonidagi harbiy qism va muassasalar tomonidan Oʻrmon xoʻjaligi qavlat qoʻmitasi hamda Samarqand shahar hokimligi bilan hamkorlikda hududning iqlim sharoitidan kelib chiqib, 25 mingga yaqin manzarali va mevali daraxt koʻchatlari ekilib, “Qoʻmondon bogʻi” barpo etilgan edi.

Quvonarlisi, ushbu bogʻdagi koʻchatlar tomchilab sugʻorish orqali parvarishlanadi. Anʼanaviy sugʻorish bilan solishtirganda, tomchilardan foydalanganda tuproqning tabiiy tuzilishi buzilmaydi. Kuchli quyosh nurlari bilan oʻsimliklar nobud boʻlmaydi.

Bundan tashqari, okrug tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarning hududlariga, dala-oʻquv maydonlarining atrofidagi boʻsh turgan joylarga ham mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini ekish ishlari uyushqoqlik bilan tashkillashtirilib, har bir yangi ekilgan koʻchatlarni parvarishi uchun 10 dona koʻchatga bittadan harbiy xizmatchi biriktirilmoqda.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati