Navoiyda “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻinining navbatdagi mavsumi boshlandi

0
840

Bugungi kunda mamlakatimiz boʻylab yilning har bir choragida Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlida “Armiya — vatanparvarlik va jasorat maktabi” shiori ostidagi 10 kunlik “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻinlari oʻtkazish anʼanaga aylandi.

Ana shunday yigʻinlarning navbatdagisi kuni kecha Navoiy viloyati harbiy-maʼmuriy sektori va Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligining tashabbusi bilan boshlandi. Navoiy garnizonidagi harbiy qismda “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻinining ishtirokchilari tantanali ravishda kutib olindi. Dastlab yoshlar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ularga harbiy liboslar berildi.

Yigʻinning tantanali ochilish marosimida Navoiy viloyati hokimligi, Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi, viloyat sektor rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlarining vakillari hamda faxriylar ishtirok etdi.

Tantanali marosimda soʻz olganlar mazkur yigʻin yoshlar uchun kutilmagan koʻp imkoniyatlar va sharoitlar yaratib berishi hamda undan unumli foydalanish lozimligi haqida so‘z yuritdilar.

Tadbirda yoshlar qalbida ona Vatanga mehr va sadoqat, adolat tuygʻusini har tomonlama kuchaytirish maqsadida namoyish etilgan sahna koʻrinishlari, harbiy orkestr jamoasi hamda harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan qoʻl jangi chiqishlari yoshlardagi harbiylikka boʻlgan qiziqishni yanada oshirdi.

Ayni vaqtlarda yig‘in ishtirokchilariga jangovar, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik hamda kasbga yo‘naltirish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati