Nukusda Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari boʻyicha kengash vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi

0
1037

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari boʻyicha kengash raisi Abubakr Navroʻzov, Mudofaa vazirligi ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Salaymahsum Sharipov, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Faxriylar ishlari boʻyicha kengashlari rais va aʼzolari hamda harbiy xizmatchilar ishtirokida tadbir o‘tkazildi.

Tadbirdan soʻz olgan Abubakr Navroʻzov Al-Xorazmiy, Al-Fargʻoniy, az-Zamaxshariy, Abu Ali ibn Sino kabi buyuk olim-u fuzalolarimizning hayoti va ilmga qoʻshgan hissasi, Temur Malik, Spitamen, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Manguberdining sarkardalik faoliyati haqida qiziqarli maʼlumotlarni oʻrtoqlashdi. Uzoq davom etgan qizgʻin suhbat faxriylarning xizmat yillaridagi xotiralarga ulandi.

Faxriylar markaziy kengashi raisining Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugga safari harbiy xizmatchilar bilangina cheklanib qolmasdan, yoshlar bilan ham suhbatlashishni koʻzlagan boʻlib, Nukusda Ichki ishlar vazirligi “Temurbeklar maktabi” va Urganchda Mudofaa vazirligi “Jaloliddin Manguberdi” harbiy-akademik litseylari, Urganch shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktab internati oʻquvchilari, Urganch davlat universiteti talabalari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Faxriylar “Yangiariq” umumqoʻshin dala oʻquv maydonida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Faxriylar ishtirokida oʻtkazilgan uchrashuvlar yoshlarda unutilmas taassurotlar bilan yodda qoladigan boʻldi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati