Milliy o‘zligimiz asosi

0
1160

Mudofaa vazirligi markaziy apparatida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda “O‘zbek tili – milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz asosi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Unda “Ma’rifat targ‘ibotchilari” jamiyati a’zolari – filologiya fanlari doktori, professor Rahimboy Jumaniyozov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, aktyor Alisher Otaboyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi, shoira Zulfiya Mo‘minova o‘zbek tilining huquqiy maqomini belgilashda yengib o‘tilgan qiyinchiliklar, hozirgi kunda ona tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun yaratilgan sharoit hamda davlat tilini yangi pog‘onaga olib chiqish borasida qilinayotgan sa’y-harakatlar haqida ma’lumot berdi.

O‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-eʼtiborini yuksaltirish uchun uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga kiritishda o‘z hissamizni qo‘shish hamda ona tilimizga chuqur hurmat bilan yondashish talab etiladi. Tadbirda tilimizni eʼzozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeyini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb maʼnaviy burchimiz bo‘lib qolishi ta’kidlandi. Shoira Zulfiya Mo‘minova hamda Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalarining tinchlik, milliy qadriyatlarni madh etuvchi sheʼrlari, Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Tadbir doirasida G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi bilan hamkorlikda tilshunoslikka oid ilmiy adabiyotlar ko‘rgazmasi hamda kitoblar yarmarkasi o‘tkazildi.

Katta leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti