Ona tilim oʻzingsan aziz

0
939

Bobo tilim, momo tilim – gavharim,
Mulki Turon zaminida sarvarim,
Daholarga zabon bыlgan mehvarim,
Saodatim, shuurim Ona tilim.

Inson hayotida uch aziz neʼmatning beqiyos oʻrni bor: Ona Vatani, Onasi va Ona tili. Bu ulugʻ neʼmatlar tanlanmaydi, Yaratgandan inʼom etiladi. Bu tengsiz neʼmatlarni sevish, asrash, ardoqlash insonni ulugʻlikka musharraf etishini daholar koʻp marotaba taʼkidlashgan. Darhaqiqat, eʼtibor qilsangiz qaysi bir davlat qudratli boʻlsa, oʻsha mamlakatda davlat tili asosiy oʻrinda turadi. Oʻsha davlatda yashashni orzu qilguvchilar albatta oʻsha mamlakat davlat tilini oʻrganishi shart. Negaki, oʻsha yurt egalari tillarini sevadi va ardoqlaydi.

Bizning mamlakatda ham ona tilimizni davlat tili maqomiga erishganiga 21-oktabr kuni 34 yil boʻldi. Yer yuzida 50 mllionga yaqin oʻzbek millati yashaydi. Dunyodagi 30 ga yaqin universitetlarda oʻzbek tili oʻqitiladi, tadqiqotlar olib boriladi. Tilshunoslarning taʼkidlashicha, dunyoda 6 mingga yaqin til boʻlib, oʻzbek tili jahonda tan olingan 50 ta asosiy tildan biridir. Bu borada biz ona tilimiz bilan qancha faxrlansak arziydi. Oldimizda turgan muhim vazifalardan bir esa tilimizni asrash, ardoqlash va dunyoga olib chiqish.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida 21-oktabr – oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan “Ona tilim – mangu iftixorim” mavzusidagi ilmiy-adabiy tadbir bayramona ruhda amalga oshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Qurolli Kuchlar Davlat muzeyi hamda Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Shayxontohur tumani boʻlinmasi hamkorligida boʻlib oʻtgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlaridan vakillar, harbiy xizmatchilar, oʻquvchi va talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda dastlab soʻz olgan Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktori oʻrinbosari falsafa fanlari dotsenti Otabek Joʻraboyev oʻzbek tilining jahondagi oʻrni, nufuzi haqida toʻxtalib, tilimizga hurmat va eʼtibor borasida oʻrinli fikrlar bildirdi. Davrada soʻzga chiqqan mehmonlar – Toshkent shahar hokimining davlat tili boʻyicha maslahatchisi Akmal Roʻzitoyev, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyining ilmiy xodimi, shoir Javlon Jovliyev, Shayxontohur tuman hokimining davlat tili boʻyicha maslahatchisi Nargiza Qayumova, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira Goʻzal Matyaqubova, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Shayxontohur tuman boʻlinmasi rahbari Nilufar Alibayeva oʻzbek tili haqida qiziqarli fikrlar, taʼsirli voqealar soʻzlab berishdi. Davlat tilini hurmat qilish, oʻzaro yozishmalar va munosabatlarda tilga eʼtiborli boʻlish borasida oʻrinli misollar ila fikrlar bildirishdi.

Qurolli Kuchlar Davlat muzeyi xodimi Gulnoza Usmonova davlat tili bilan bogʻliq savol-javoblar oʻtkazib, gʻoliblarga kitoblar sovgʻa qildi.

Oʻz navbatida, davrada ona tilimizga bagʻishlangan va vatanparvarlik ruhidagi sheʼrlar yangradi. Qurolli Kuchlar akademiyasi 1-bosqich kursantlari guruh komandiri kapitan Iso Shermatov tomonidan oʻqilgan taniqli shoirlarning sheʼrlari dillarga koʻtarinki kayfiyat bahsh etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalarining chiqishlari tadbirni bayramona ruhda oʻtishiga katta ulush qoʻshdi. Ayniqsa, yosh ijrochilar tomonidan tanbur chertib jonli ovozda kuylangan milliy qoʻshiq olqishlarga sazovor boʻldi.

Shubhasizki, ilmiy-adabiy maʼrifiy tadbir ishtirokchilarda ona tilimiz nufuzi borasida jon kuydirish faqatgina til bayrami arafalarida, yaʼni mavsumiy emas, balki doimiy ravishda eʼtiborda boʻlish lozimligini dillarga muhrladi desak, xato qilmaymiz.

Millat faxri erur seni asramoq,
Jondek qadrlamoq qarzidir beshak.
Seni unutganlar iymondan yiroq,
Shaʼning yuksaltirar zabardast bilak.
Zamin mehvarida sharqona sehrim –
Oʻzbek tilim – betakror tilim.

Zulfiya YUNUSOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti