Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi

0
1305

Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi tashabbusi bilan Mudofaa vazirligi hamkorligida “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat oʻtayotgan harbiy xizmatchilar maʼnaviy-maʼrifiy qiyofasini yuksaltirishning dolzarb masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.

Unda Bosh prokuratura vakillari, shuningdek, respublika Harbiy prokuraturasi xodimlari, Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralarning tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organlari ofitserlari, ilmiy hamjamiyat vakillari, “Temuriylar tarixi” davlat muzeyi mutaxassislari ishtirok etdi.

Anjumanda Qurolli Kuchlarda olib borilayotgan hamkorlikdagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va istiqbolli chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk turkiy sarkardalar siymosida vatanparvarlik va adolat tamoyillari, maʼnaviy qiyofani yuksaltirishda kitobxonlikning oʻrni kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarga doir videorolik namoyish etildi.

Yakunida bu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar samaradorligini yanada oshirish yuzasidan oʻzaro fikr-mulohazalar almashildi va tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti