Nukus, Urganch va Angrenda harbiy texnikalarni vagonlarga yuklash boʻyicha koʻrgazmali mashgʻulotlar oʻtkazildi

0
1077

Nukus temir yoʻl bekati, shoxobchasi va aeroporti harbiy harakatlar tarkibiy boʻlimi tomonidan Nukus va Urganch garnizonlarida joylashgan harbiy qismlar, Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi harbiy-akademik litseyi shaxsiy tarkibi uchun “Nukus” va “Urganch” temir yoʻl vokzallarida harbiy texnika va harbiy yuklarni temir yoʻl harakatchan tarkibi, yaʼni vagonlarga yuklash-tushurish hamda qotirish boʻyicha amaliy-koʻrgazmali mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Mashgʻulotlarda harbiy texnika va yuklarni tashish jarayonida tayinlanadigan qorovul shaxsiy tarkibining majburiyatlari, turli xil vaziyatlardagi harakatlari va alohida xizmat oʻtashning boshqa ahamiyatli jihatlari namuna sifatida koʻrsatib oʻtildi.

Tadbirda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksionerlik kompaniyasi xodimlari ishtirok etib, yoʻl hujjatlarini toʻldirish hamda temir yoʻl stansiyalarida toʻxtash tartibi haqida maʼlumot berishdi.

Koʻrgazmali tarzda oʻtilgan mashgʻulotlar doirasida zirhli va avtomobil texnikalarni platformalar orqali vagonlarga yuklash-tushirish, ular siljib ketishining oldini olish maqsadida belgilangan tartibda mahkamlash, texnikalarni tashishda niqoblash va qoʻriqlovini tashkil etish kabi masalalar namoyish etildi.

Mashgʻulotning amaliy tadbirlarini harbiy xizmatchilar shaxsan oʻzlari bajarib, oʻzlaridagi koʻnikmalarni yanada mustahkamlash imkoniga ega boʻldi.

Shuningdek, Angren garnizoni umumqo‘shin tog‘ poligoni harbiy texnika va harbiy yuklarni temir yoʻl harakatchan tarkibiga yuklash-tushirish hamda qotirish boʻyicha amaliy-koʻrgazmali mashgʻulotlar oʻtkazildi.