Markaziy harbiy okrugning tashkil etilgan sanasi keng nishonlandi

0
1937

Bugun, 20-oktabr Amir Temur jangovar bayrogʻining ilk sohibiga aylangan Markaziy harbiy okrugning qayta tashkil etilganligiga olti yil toʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining jangovar tarkibi va qurilishi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan 2017-yilda Markaziy harbiy okrug qayta tashkil etilib, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tassarufidagi Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlarining maʼmuriy chegaralari doirasidagi harbiy qism va muassasalar ushbu okrug qoʻshinlari tasarrufiga oʻtkazilgandi.

Ushbu qutlugʻ sana munosabati bilan okrug Maʼnaviyat va maʼrifat markazida tantanali tadbir tashkil etildi. Unda okrug qoʻmondonligi, faxriylar, harbiy xizmatchilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

 

Tadbirda okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farrux Ziyabayev soʻzga chiqib, Markaziy harbiy okrug tashkil etilgandan soʻng qisqa davr mobaynida okrug tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda rekonstruksiya ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilgani, olti yil mobaynida harbiy-maʼmuriy sektorlar bilan bilan hamkorlikda maʼnan eskirgan harbiy qism va dala oʻquv maydonlarning infratuzilmasi butunlay yangi koʻrinishga keltirilganini ta’kidladi.

Shuningdek, yurt himoyachilari uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar natijasida jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik borasida erishayotgan yutuqlar sarhisob qilindi.

Shundan soʻng, okrug ravnaqiga hissa qoʻshib kelayotgan faxriylar, ofitser, serjantlarga navbatdagi harbiy unvonlar, faxriy yorliq, pul mukofotlari hamda qimmatbaho sovgʻalar tantanali ravishda topshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati