Harbiy bilim yurtlarida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun nishonlandi

0
1384

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 34 yil to‘lgani munosabati bilan “O‘zbek tili milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda harbiy ta’lim muassasasi mas’ul ofitserlari, professor-o‘qituvchilari, kursantlar va Chirchiq davlat universiteti talabalari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olganlar har bir sohada o‘zbek tilida ish yuritish jarayoni tobora yangicha tus olib borayotgani, davlat tilini rivojlantirish borasida ko‘plab qonunlar ijrosi amalga oshirilayotgani haqida misollar bilan ma’lumotlar berildi. Qolaversa, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishining tarixiy ahamiyati haqida ham yoshlar keng tushunchalar berildi.

Yakunda bilim yurti kursantlari va Chirchiq davlat universiteti talabalari tomonidan tayyorlangan adabiy-madaniy dastur namoyish etildi.

Shuningdek, Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida esa kursantlar, talabalar va iqtidorli yoshlar ishtirokida “Til bilimdonlari” intellektual o‘yini o‘tkazildi.

Intellektual o‘yinda Aloqa harbiy instituti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi kursantlari, Toshkent amaliy fanlar universiteti talabalari hamda Zangiota tumani iqtidorli yoshlaridan tashkil topgan jamoalar o‘zaro bellashdi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan tanlov yakuniga ko‘ra, faxirli birinchi o‘rinni Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti kursantlariga nasib etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti