Mavsumiy kasalliklarning oldini olish ishchi guruhlari faoliyat boshladi

0
928

Kuz-qish mavsumi oʻtkir respirator virusli infeksiyalar va gripp bilan kasallanishning koʻpayish davri hisoblanadi. Bu kabi yuqumli kasalliklarning, ayniqsa, grippning xavfi shundaki, ular juda tez tarqaladi va infeksiyaning ommaviy tarqalishiga olib kelishi mumkin. Shu munosabat bilan boshqa sohalar qatorida harbiy xizmatchilar oʻrtasida kuz-qish mavsumida uchraydigan kasalliklarning kelib chiqishi va tarqalishining oldini olish, hamda qoʻshinlarda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash, shaxsiy tarkibning sogʻligini saqlash yuzasidan harbiy qism va muassasalarda amalga oshirilayotgan ishlar holatini oʻrganish ishchi guruhlari faoliyat yuritmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali va barcha hududiy tibbiy muassasalar harbiy vrachlari “Gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalar profilaktikasi” doirasida ana shunday ishchi guruhlari Toshkent harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlarda ham epidemik barqarorlikni taʼminlash borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida tushuntirish turli tadbirlarni tashkillashtiryapti. Kuni kecha Markaziy harbiy klinik gospitali gastroenterologiya boʻlimi boshligʻi, tibbiy xizmat polkovnigi Nodir Agzamov, Mudofaa vazirligi sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi boʻlimi boshligʻi, tibbiy xizmat podpolkovnigi Zafar Turaqulov, Markaziy harbiy klinik gospitali yuqumli kasalliklar boʻlimi boshligʻi, tibbiy xizmat mayori Mirolim Mirsaidovdan iborat ana shunday ishchi guruhi ishtirokida harbiy xizmatchilar bilan davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbati davomida grippga qarshi emlash, toʻgʻri va oʻz vaqtida ovqatlanish, shaxsiy gigiyenaga qatʼiy rioya qilish har xil yuqumli kasalliklardan himoyalanishning eng ishonchli vositasi ekanligi taʼkidlandi. Harbiy qismlar va muassasalar hududida epidemiologik vaziyat yuzaga kelmasligi uchun kasallik alomatlari sezilgandanoq tibbiyot xizmati xodimlariga murojaat qilish kerakligi uqtirildi. Oʻz navbatida shaxsiy tarkib harbiy xizmatchilari mutaxassislardan oʻzlarini qiziqtirgan savollar boʻyicha kerakli maʼlumotlarga ega boʻlishdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti