Sportchilar munosib eʼtirof etildi

0
2291

Xabaringiz bor, 23-sentabr — 8-oktabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida oʻtkazilgan XIX Osiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston terma jamoasi 71 ta medalni qoʻlga kiritib, 45 ga yaqin davlat orasida beshinchi oʻrinni egalladi.

Eʼtiborli jihati, Osiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari – Mudofaa vazirligi sport markazi sportchilari 6 ta oltin, 5 ta kumush va 8 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi.

Bugun Mudofaa vazirligi Sport markazi tashkil etilganligining 30 yilligi hamda xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishgan sportchilarimizni taqdirlashga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Taʼkidlash joizki, sportchilarimiz mahalliy va xalqaro musobaqalarda doimiy ravishda sovrinli oʻrinlarni egallab, yurtimiz sharafini yuksaklarga koʻtarmoqda. Shuningdek, qoʻshinlarda muntazam tarzda machter klasslar oʻtkazib, jangovar tayyorgarlikni yuqori darajada ushlab turishga ham munosib hissa qoʻshmoqda.

Bugungi kunda Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sifatida qayta tashkil etilgan mazkur dargohda faoliyat yuritayotgan murabbiy va sportchilar xalqaro arenalarda yurtimiz va mudofaa vazirligi sharafini munosib himoya qilyapti.

Tantanali tadbirda mudofaa vaziri oʻrinbosari polkovnik Alisher Norboyev, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston Respublikasi Oʻq otish federatsiyasi raisi Oybek Norinboyev, Oʻzbekiston Qoʻl jangi federatsiyasi raisi birinchi oʻrinbosari Baxtiyor Mirzaqulov va boshqalar ishtirok etdi.

Mudofaa vaziri buyrugʻi bilan oʻz kasbining fidoyilari boʻlgan murabbiylar va sportchilar koʻkrak nishonlari va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Katta leytenant Islomjon Qo‘chqorov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti