“Muborak” dala-oʻquv maydonida “Eng ilgʻor batalyon” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi

0
5503

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugning “Muborak” dala-oʻquv maydonida “Eng ilgʻor batalyon” koʻrik-tanlovi yuqori saviyada boʻlib oʻtdi. Tanlov yurt oʻglonlarini saf koʻrigidan o‘tkazishdan boshlandi, shundan soʻng jismoniy tayyorgarlik tekshiruvlari boshlandi. Bunda ular turnikda aylanish, 400 metrga yuqori tezlikda yugurish va 5 kilometrga yugurish kabi mashqlarni bajardi.

Tanlovning navbatdagi bosqichida ishtirokchilar metin iroda va chidamlilikni oʻzida namoyon etgan holda turli toʻsiqlari mavjud 30 kilometrlik masofani marsh yurgan holatda bosib oʻtdi.

Sinovlar moboynida yurt himoyachilaridan oʻzlariga biriktirilgan texnikalarning sozligi hamda shayligi tekshiruvdan oʻtkazildi. Harbiy texnikalar sozligi aniqlangach, 30 kilometrlik masofaga jangovar va avtomobil texnikalarida safar yurishi boshlandi. Ushbu mashgʻulotlarda zararlangan hududlardan betalafot oʻtish, shartli dushman pistirmasi amalga oshirilganda texnikalar ketma-ketlik tarkibini taʼminlagan holda harakatlanish kabi mashaqqatli mashqlarda harbiy xizmatchilar oʻz bilim va mahoratlarini yana bir bor namoyon etishdi.

Jamlanish hududiga yetib kelgan shaxsiy tarkib joy xavfsizligini oʻrganib, qoʻriqlovni tashkil etdi. Shundan soʻng, qatnashchilarning merganlik mahoratlari otish tayyorgarligi mashgʻulotlarida sinovdan oʻtkazildi. Unda jangovar texnika va quollarda belgilangan nishonlar aniq yakson qilindi.

Mazkur koʻrik-tanlov harbiy xizmatchilarning tayyorgarliklarini nafaqat sinovdan oʻtkazish, balki egallagan bilim va koʻnikmalarini yanada mustahkamlashi uchun ham xizmat qildi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati