Nukusda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug tashkil etilganining 25 yilligi nishonladi

0
1908

Mamlakatimiz Shimoli-gʻarbiy sarhadlarini ishonchli himoya qilish, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm viloyati aholisining tinchligi, osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlash, chegaralarimiz dahlsizligini qoʻriqlashga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug oʻzining 25 yoshini qarshi oldi.

Shu munosabat bilan Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida oʻtkazilgan bayram tantanasi boʻlib oʻtdi. Tantanali tadbir harbiy orkestr ijrosi ostida Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat madhiyalarini kuylashdan boshlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov harbiy xizmatchilarga yoʻllagan bayram tabrigida, jumladan shunday dedi: “Albatta, okrugimiz bugungi zamonaviy qiyofasi, yuqori jangovar qobiliyati oʻz-oʻzidan shakllanib qolgan emas. Buning ortida shu yerdagi barcha faxriylar, harbiy xizmatchilar va oila aʼzolarimizning mashaqqatli sabr-matonati, xizmatlari, fidoyiligi, vatanparvarligi, mardligi bor”.

Soʻzga chiqqanlar harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligini tantana bilan tabriklab, fidoyi, yurtsevar, mehnatkash harbiy xizmatchilarga Vatan himoyasi yoʻlidagi mashaqqatli xizmatlarida ulkan zafarlar tiladi.

Darvoqe, Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarini isloh qilish, mamlakat mudofaa salohiyatini yuksaltirish davomida 1998-yil 13-oktyabr kuni tashkil etilgan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug bugungi kunda yurtimizning shimoli-gʻarbiy sarhadlarini himoya qilishda ishonchli qalqon vazifasini oʻtamoqda. Bugun harbiy okrug xalqimiz va armiya oʻrtasidagi rishtalarni mustahkamlash, armiya va xalq yakdilligini taʼminlashda ham muhim oʻrinni egallab kelmoqda. Bu borada aholining keng qatlamlari va ayniqsa, yoshlar bilan ishlash, ular oʻrtasida vatanparvarlikni targʻib etishda okrug qoʻshinlari oʻzining munosib ulushiga ega boʻlmoqda.

Taʼkidlash joizki, Prezidentimiz tashabbusi bilan Qurolli Kuchlarda amalga oshirilayotgan islohotlar Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugda ham katta yangiliklar, bunyodkorlik va rivojlanishga asos boʻldi. Jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlarini sifatli tashkil etish va amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazish uchun eskirib qolgan “Nukus” va “Yangiariq” umumqoʻshin poligonlarining infratuzilmasi yangilanib, foydalanishga topshirildi. Boʻlinmalar zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan butlash ishlari jadal olib borilmoqda.

Shuningdek, harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolari, aholining madaniy hordiq ishlarini tashkil etish, oʻsib kelayotgan yosh avlodning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishini taʼminlash maqsadida Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi qayta tiklanib, uning qoshida 20 dan ortiq fan va sport toʻgaraklarining faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Urganch va Nukus garnizonidagi harbiy qismlar, umumqoʻshin poligonlarida Madaniyat va maʼrifat markazlari bunyod etildi.

Respublika, Mudofaa vazirligi hamda xalqaro darajadagi musobaqalarda harbiy okrug vakillari yuksak natijalarni qayd etib, yuqori oʻrinlarni qoʻlga kiritmoqda. Bir necha yildan beri Xalqaro armiya oʻyinlarining 70 dan ortiq yoʻnalishlarida ishtirok etgan harbiy okrug ofitser va serjantlari yurtimiz bayrogʻini yuqori koʻtarilishiga hissa qoʻshdi.

Tantana munosabati bilan bir guruh harbiy xizmatchilar va ishchi-xizmatchilar, shuningdek, harbiy okrugda oldin xizmat qilib ketgan Qurolli Kuchlar faxriylari va kuch tuzilmalari vakillari Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining “Namunali xizmati uchun” koʻkrak nishonlari, Mudofaa vazirligi ramzlari tushurilgan esdalik sovgʻalari, harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligining faxriy yorliqlari va qimmatbaho sovgʻalar bilan tantanali ravishda taqdirlandi. Shuningdek, bir qator harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvonlar berildi.

Bayram munosabati bilan tashkil etilgan konsert dasturi davomida Qoraqalpogʻistonning ijodiy jamoalari hamda okrug harbiy orkestrining chiqishlari yigʻilganlarga oʻzbek va qoraqalpoq milliy kuy va qoʻshiqlaridan bahramand boʻlishini taʼminlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati