Harbiy qismda kino yulduzlar bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi

0
1704

Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligiga qarashli Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismda respublikamiz bo‘ylab davom etayotgan “Yangi O‘zbekistonning yangi kinolari” oyligi doirasida taniqli kino yulduzlar bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi. Unda harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar ishchi xizmatchilari ishtirok etdi.

Dastlab shu kunlarda o‘zbek kino ixlosmandlari e’tirofiga erishgan, real voqealar asosida suratga olingan “Sudya” filmi tadbir ishtirokchilariga namoyish qilindi.

Tadbirning asosiy qismi samimiy ruhda kechdi. Taniqli aktyor va aktrisalar birin-ketin so‘zga chiqib, harbiy xizmatchilar va yoshlar qalbida ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg’ularini kamol toptirish, bugungi tinch va osuda hayotimizni qadriga yetib, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga, shuningdek, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Ayniqsa, ular ijrosidagi jonli chiqishlar harbiy xizmatchilarga xushkayfiyat bag‘ishladi.

Samimiy va ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuv so‘ngida kino ijodkorlar qo‘mondonlik tomonidan e’tirof etilib, ularga esdalik sovg‘alari ulashildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti