“Kembriya patruli” g‘oliblari tantanali kutib olindi

0
2001

14-oktabr kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasida faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston jamoasi tantanali kutib olindi. Marosimda Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, o‘quvchi yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ta’kidlash kerakki, 1–12-oktyabr kunlari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida oʻtkazilgan razvedka va maxsus boʻlinmalarning “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasida dunyoning jami 44 ta davlatidan 118 ta jamoa ishtirok etdi. Jumladan, unda mezbon Buyuk Britaniya, Oʻzbekiston, Irlandiya, Germaniya, Latviya, Fransiya, Gana, Italiya, Hindiston, Polsha, AQSH, Litva, Niderlandiya, Nepal, Avstraliya, Pokiston, Meksika, Albaniya, Chili, Qozogʻiston, Yangi Zelandiya Qurolli Kuchlarining razvedka va maxsus boʻlinmalari harbiy xizmatchilaridan iborat jamoalar oʻzaro bahs olib bordilar.

Musobaqa davomida ishtirokchilar ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish vositalaridan foydalanish, joyni razvedka qilish va tog‘ daryosini kesib o‘tish, yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, jarohatlanganlarni turli yo‘llar bilan evakuatsiya qilish, mina to‘sig‘idan yakka va guruh tarkibida o‘tish, dushman obektiga bosqin uyushtirish, garovga olinganlarni ozod qilish va harbiy asirlarni so‘roq qilish kabi shartlarda harbiy xizmatchilar o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi.

Shunday qilib musobaqa natijalariga ko‘ra, I o‘rinni mezbon davlat – Buyuk Britaniya jamoasi, II o‘rinni katta davlatlar jamoalarini ortda qoldirgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi egallagan bo‘lsa, III o‘rin Fransiya va Chili jamoalariga nasib qildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti