Til — millat ko‘zgusi

0
2133

Har bir millatning jahon sivilizatsiyasida egallagan oʻrni uning maʼnaviyati, tarixi, ona tili bilan oʻlchanadi. Turkiy tilni ilk bor ilmiy asosda tadqiq etgan buyuk alloma Mahmud Qoshgʻariy bejizga “Erdam boshi tildur”, yaʼni “Barcha ezguliklar tildan boshlanur” deya talqin etmagan.

Shunday ekan, har bir yurtdoshimiz oʻzbek tili taraqqiyotiga hurmat koʻrsatishi, uni avaylab asrashi, asrlar davomida sayqallanib kelgan boy merosidan xabardor boʻlishi shart. Ayniqsa, mustaqillik tufayli tilimizga davlat tili maqomi berilgan jarayonda bu har bir fuqaroning burchi ekaligini taʼkidlash oʻrinli.

Har yili 21-oktyabrni oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida bayram qilinadi. Respublikamizning barcha hududlarida turli tadbirlar orqali keng miqyosda nishonlanadi. Jumladan, harbiy qismlar, harbiy taʼlim maskanlari va harbiy muassasalarda ham.

Chirchiq garnizonida joylashgan harbiy qismda Chirchiq davlat pedagogika universiteti talabalari, shahardagi 7-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari ishtirokida tashkillashtirilgan tadbir shular jumlasidandir. Seminar tarzda oʻtgan tadbir davomida harbiy xizmatchilar, talabalar, Chirchiq davlat pedagogika universiteti gumanitar fakulteti oʻzbek adabiyoti va tilshunosligi kafedrasi ustozi Gulshoda Tojiboyeva oʻz maʼruzalari bilan chiqish qilishdi. Maʼruzachilar yigʻilganlar eʼtiboriga oʻzbek tili etimologiyasi, adabiy normalari, atamashunosligi kabi mavzularda muhim maʼlumotlarni yetkazishdi.

Til bayramiga bagʻishlab oʻtkazilgan seminar adabiy kecha tarzida yakunlanib, unda taniqli adiblarning asarlaridan parchalar, sheʼriy jumlalar oʻqildi. Harbiy xizmatchilar va tadbir mehmonlariga bayram sovgʻasi sifatida kitoblar taqdim qilindi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti