Yangi rusumdagi parashyutlar sinovdan o‘tkazildi

0
1205

Toshkent harbiy okrugi “Markaz” desantchilar tayyorlash bazasida havo-desant tayyorgarligi mutaxassislari va Fransiya Respublikasi “Safran” kompaniyasi vakillari bilan hamkorlikda yangi parashyut tizimlarini o‘zlashtirish bo‘yicha trening o‘tkazildi.

Yevropadan tashrif buyurgan mutaxassislar o‘zlari bilan “EPS”, “MMS-360” va “Legenda” rusumli fransuz parashyutlarini olib kelgan. Asosiy maqsad esa mana shu parashyut rusumlarini Vatanimiz himoyachilariga tanishtirish va uning imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazib ko‘rish bo‘ldi.

Ishtirokchilar dastlab nazariy jihatdan o‘zaro fikr almashishdi. Shundan so‘ng parashyutlarni taxlash, u bilan havo kengliklarida nimalarga ko‘proq e’tibor qaratish kerakligi haqida tajriba almashildi. Aytish joizki, milliy armiyamiz safida xizmat qilayotgan yigitlarimiz yangilikka o‘ch va bilimga chanqoqligi bilan o‘z kasbiy xarakterini shakllantirgan. Tarjimon desantchilarimiz berayotgan savollarni o‘girishga zo‘rg‘a ulguryapti. Bunga ham qanoat qilmagan qora ko‘zlarimizning qisqa vaqt ichida fransuz tilida jumlalar tuza boshlaganiga, o‘zaro muloqotga kirishib borayotganiga ham guvoh bo‘lamiz. Ular orasida Xalqaro armiya o‘yinlarining “Desant vzvodi” musobaqasi orqali anchagina “ko‘zga issiq” bo‘lib qolgan tajribali yigitlarni ham uchratamiz. Yerdagi tayyorgarlik bosqichlari mana shunday qiziq jarayonlarga boy bo‘ldi.

Shundan so‘ng trening ishtirokchilari amaliy sakrash mashg‘ulotlariga kirishdi. Desantchilar start chizig‘ida guruh-guruh bo‘lib eng so‘nggi tekshiruvlardan o‘tib, MI-171 vertolyoti tomon harakatlanishdi. Sanoqli daqiqalar ichida 600, 1 200 va 3 000 metr balandlikka ko‘tarilgan “uchoq”dan sakashlar amalga oshirildi.

– Fransiyaning biz sinab ko‘rgan bu maxsus parashyutlari belgilangan aniq nuqtaga bexato qo‘nishda juda qo‘l kelar ekan. Bu, albatta, yuklatilgan ma’lum vazifani bajarayotgan harbiy xizmatchi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi. Shuningdek, parashyutning quyoshli iqlim sharoitiga chidamliligi uning yana bir ustunligi, – deydi mayor Jonibek Temurov. – Guvohi bo‘lganingizdek, buning imkoniyatlarini juda tez o‘zlashtirishga harakat qildik. Parashyut bilan sakragan safdoshlarimiz shu yerning o‘zida uni qayta taxlab, yana havoga ko‘tarilmoqchi bo‘lganida boyagi vaziyat bo‘ldi. Uni o‘zingiz ham ko‘rdingiz.

Mayor Temurov aytmoqchi bo‘lgan vaziyat esa shunday bo‘ldi. Fransiya Qurolli Kuchlarida desantchilar o‘zlari sakraydigan parashyutni o‘zlari taxlamas, bu ish bilan alohida kompaniya shug‘ullanar ekan. Bundan kelib chiqadiki, dala sharoitida parashyutni taxlash va shu yerning o‘zidan havoga ko‘tarilib, qayta sakrashni amalga oshirish ularning tasavvuriga yot. Ko‘z o‘ngida sodir bo‘layotgan bu voqealarni ko‘rib turgan mehmonlar bir-birlariga qaragancha yelka qisib, vaziyatni kuzatishdi.

Mazkur amaliy sakrashlar davomida desantchilar axloqiy-ruhiy tayyorgarlig-u jangovar shayligini sinovdan o‘tkazish barobarida xalqaro tajriba va mahoratlarini yanada oshirishdi.

Katta leytenant Islomjon QO‘CHQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti