Oʻzbekiston harbiylari “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasida ikkinchi oʻrinni egalladi

0
9072

Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etib, oʻtgan yilgi natijasini takrorlagan holda ikkinchi oʻrinni egalladi.

Joriy yilning 1–12-oktyabr kunlari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida oʻtkazilgan razvedka va maxsus boʻlinmalarning “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasida dunyoning jami 44 ta davlatidan 118 ta jamoa ishtirok etdi. Jumladan, unda mezbon Buyuk Britaniya, Oʻzbekiston, Irlandiya, Germaniya, Latviya, Fransiya, Gana, Italiya, Hindiston, Polsha, AQSH, Litva, Niderlandiya, Nepal, Avstraliya, Pokiston, Meksika, Albaniya, Chili, Qozogʻiston, Yangi Zelandiya Qurolli Kuchlarining razvedka va maxsus boʻlinmalari harbiy xizmatchilaridan iborat jamoalar oʻzaro bahs olib bordilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoalari 7 (yetti) yildan buyon (2017-2023-yillarda) xorijiy mamlakatlarda razvedka va maxsus boʻlinmalar oʻrtasida oʻtkazilib kelinayotgan armiya oʻyinlari va xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarni egallab kelmoqda.

“Kembriya patruli” musobaqasi qariyb 60 yildan buyon har yili Uelsda anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinmoqda.

Musobaqa 90 km masofadagi turli darajadagi murakkab shartlardan iborat boʻlib, ishtirokchilar har 8-10 kilometrda relyef modelini tuzish, patrullik yoʻnalishini kesib oʻtish boʻyicha tezkor qaror qabul qilish va jangovar buyruq berish, dushman obyektini razvedka qilish va hisobotni taqdim etish kabi jangovar topshiriqlarni bajardilar.

Musobaqa davomida 3 kilometr masofadagi zararlangan hududni ommaviy qirgʻin qurollaridan himoyalanish vositalaridan foydalangan holda yengib oʻtish, oʻtish joyini razvedka qilish va togʻ daryosini kesib oʻtish, yaradorlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, jarohatlanganlarni turli yoʻllar bilan evakuatsiya qilish, mina toʻsigʻidan yakka va guruh tarkibida oʻtish, dushman obyektiga xujum uyushtirish, garovga olinganlarni ozod qilish va harbiy asirlarni soʻroq qilish kabi shartlar ham muvaffaqiyatli bajarildi.

Shuningdek, jamoalarning 8 ta kutilmagan “test syurpriz” boʻyicha shartlari, yaʼni xorijiy davlatlar qurollari va harbiy texnikasi turlarini aniqlash, simulyatsiya va aloqa uskunalari yordamida artilleriya olovini yoʻnaltirish, harbiy topografiya meʼyorlarni bajarish, Jeneva konvensiyasi boʻyicha test topshirish, razvedka boʻyicha hisobotlarni tayyorlash, aloqa tayyorgarligi boʻyicha belgilangan meʼyorlarni bajarish, bajarilgan tadbirlar boʻyicha va keyingi topshiriqlarni bajarishga shayligi boʻyicha bildiruv berish kabi bellashuvlar ham qizgʻin tarzda kechdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi musobaqada turli shartlardan iborat 90 km masofani 36 soatda bosib oʻtdi. Musobaqa davomida 17 ta jamoa ishtirokchilari shartlarni bajarishga jismoniy imkoniyati yetmaganligi sababli bellashuvlardan chetlashtirildi.

Shunday qilib musobaqa natijalariga koʻra, birinchi oʻrinni mezbon davlat – Buyuk Britaniya jamoasi, ikkinchi oʻrinni katta davlatlar jamoalarini ortda qoldirgan Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi egallagan boʻlsa, uchinchi oʻrin Fransiya va Chili jamoalariga nasib qildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti