“Tinchlik yoʻlida hamkorlik” markazida koreys tili bo‘yicha intensiv kurslar tashkil etildi

0
1644

Bugun, 12-oktabr kuni Qurolli Kuchlar “Tinchlik yoʻlida hamkorlik” markazi bazasida koreys tilini o‘rgatish bo‘yicha intensiv kurslarni o‘tishga mo‘ljallangan “Koreya mavzuviy sinfi”ning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda mudofaa vazirining oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev hamda Koreya Respublikasining Toshkent shahridagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Kim Xi-Sang boshchiligidagi delegatsiya vakillari ishtirok etdi.

Mehmonlar “Tinchlik yoʻlida hamkorlik” markazi bazasidagi koreys tilini intensiv tarzda oʻrgatishga ixtisoslashgan zamonaviy oʻquv xonalarida boʻlib, u yerda tahsil olayotgan harbiy xizmatchilar bilan yaqindan tanishdi.

Hozirda ushbu Markazda koreys tilini oʻrgatishga moʻljallangan 2 ta oʻquv sinfi mavjud boʻlib, darslar maxsus oʻquv dasturi hamda Koreya elchixonasi tomonidan taqdim etilgan asosiy va qoʻshimcha adabiyotlar, zaruriy koʻrgazmali manbalar asosida olib boriladi.

Mudofaa vazirining oʻrinbosari yangidan joriy etilgan ushbu sinfda til oʻrganayotgan harbiy xizmatchilar kelajakda ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlashga hissa qoʻshishini, harbiy xizmatchilarning nafaqat koreys tili, balki Koreya Respublikasining buyuk tarixi va madaniyati toʻgʻrisida chuqur bilim olishlariga imkoniyat yaratilganini taʼkidlab oʻtdi.

Muloqotlar soʻngida til oʻrganish borasidagi saʼy-harakatlarni yanada kengaytirish, harbiy hamkorlik aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish borasida oʻzaro kelishib olindi.

Katta leytenant Bobur Elmurodov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti