“Qoʻmondon va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi

0
1873

Yoshlarni ona yurtga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismda “Qoʻmondon va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.

Hamkor tashkilotlar bilan tashkil etilgan tadbirda poytaxtimizning 100 dan ortiq yoshlari harbiy qism mehmoni boʻldi. Dastlab mehmonlar faxriy qorovulning koʻrgazmali chiqishlari va qoʻl jangi usullarini tomosha qildi.

Tadbir davomida harbiy orkestr jamoasi tomonidan ijro etilgan musiqa sadolari ostida yoshlarga qurol-aslaha va harbiy texnikalar koʻrgazmasi ham namoyish etildi. Harbiy tarix muzeyi, oʻquv sinflar va sport majmualarida oʻtkazilgan mahorat darslari yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

Harbiy qism madaniyat markazida davom etgan tadbirda Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlar qoʻmondoni polkovnik Jurʼat Yaqubov soʻzga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil maʼlumotlar berdi. Sportning erkin kurash turi boʻyicha bir necha marotaba jahon va Osiyo chempioni boʻlgan harbiy sportchi leytenant Murodillo Ablokulov ham soʻzga chiqib, oʻzining gʻalaba erishish yoʻlidagi bosib oʻtgan mashaqqatli yoʻllari haqida soʻzlab berdi.

Tadbir davomida milliy armiyamizda yoshlarga oid davlat siyosatini ijrosi va harbiy sportchilarning xalqaro arenalardagi gʻalabalari toʻgʻrisida videoroliklar ham namoyish etildi.

Samimiy va ochiq muloqot tarzida oʻtkazilgan tadbir yakunida bir qator faol yoshlar qoʻmondonlikning qimmatbaho va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.