Samarqandda harbiy harakatlar tarkibiy boʻlimlari ofitserlarining malakasi oshirildi

0
1535

Samarqand temir yoʻl bekati, shoxobchasi va aeroporti harbiy harakatlar tarkibiy boʻlimida Mudofaa vazirligi miqyosidagi harbiy harakatlar tarkibiy boʻlimlari boshligʻlarining katta yordamchilari ishtirokida yigʻin oʻtkazildi.

Unda dastlab oʻquv yili davomida amalga oshirilgan ishlar, umumiy kamchiliklar va muammoli masalalar muhokama etildi.

Amaliy mashgʻulotlar Samarqandda joylashgan “Maroqand” temir yoʻl bekatida soha vakillari ishtirokida harbiy texnika va harbiy yuklarni temir yoʻl harakatchan tarkibi (vagon)ga yuklash-tushurish boʻyicha oʻtkazildi.

Unda qoʻshinlarni bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga koʻchirib oʻtkazish, harbiy texnika va yuklarni tashish uchun foydalaniladigan temir yoʻl vagonlariga ishonchli va mustahkam joylashtirish, saqlash va olib yurish borasida zarur boʻladigan anjomlar xususida tushuntirishlar berib oʻtildi.

Shundan soʻng, olingan nazariy bilimlarni mustahkamlash maqsadida mashgʻulotlar temir yoʻl platformasi oʻquv nuqtasiga koʻchdi. Koʻrgazmali tarzda oʻtilgan mashgʻulotlar doirasida soha mutaxassislarining oʻzlari avtomobil texnikalarni platformalar orqali vagonlarga yuklash-tushirish, siljib ketishining oldini olish maqsadida belgilangan tartibda mahkamlash, texnikalarni tashishda niqoblash ishlarini tashkil etish boʻyicha amalda sinab koʻrdi.

Mashg‘ulotlarning ikkinchi bosqichi Samarqand xalqaro aeroportida tashkil etilib, unda aeroport xodimlari tomonidan yoʻlovchi harbiy xizmatchilar va harbiy texnikalarni havo orqali tashishda amal qilishi lozim boʻlgan majburiyatlar hamda ular uchun yaratilishi lozim boʻlgan sharoitlar tushuntirib oʻtildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati