“Buxoro” poligonida tungi o‘q otish mashqlari bajarildi

0
3881

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni boshchiligida Buxoro viloyatidagi harbiy qismda oʻtayotgan kompleks tekshiruvlar qizgʻin pallaga kirdi. Qariyb oʻn kun davomida brigada shaxsiy tarkibining nazariy bilimlari, saf tayyorgarligi, ish yurituv hujjatlari, jismoniy va kasbiy tayyorgarligi chuqur sinovlardan oʻtgan boʻlsa, endilikda yurt himoyachilarining jangovar tayyorgarligi baholanmoqda.

Qismda erta tongdan harbiy xizmatchilar toʻliq anjom-aslahalar, yuk qoplari bilan uzoq masofaga marsh uchun saf tortdi. Koʻzlangan manzil — “Buxoro” umumqoʻshin poligoni.

Harbiy xizmatchi marsh chogʻida shunchaki masofani piyoda bosib oʻtish bilan cheklanmaydi. Yoʻlda ularni dushman pistirmasi, zararlangan hudud singari turli toʻsiqlar kutib turibdi. Bu kabi shartli dushman tuzogʻidan betalafot oʻtish uchun hushyor odimlash lozim.

Barcha mashaqqatlardan oʻtib poligonga yetib kelgan yurt himoyachilaridan turli amaliy meʼyorlar qabul qilindi. Otish tayyorgarligi borasidagi mohirlik esa pistolet hamda avtomatdan nishonlarni yakson etish chogʻida namoyon boʻldi. Bundan tashqari, kun davomida jangovar texnikalarni boshqarish hamda ulardan belgilangan nishonlarni yakson qilish boʻyicha ham okrug mutaxassislari tomonidan sinovlar qabul qilindi.

Otish tayyorgarligida harbiy xizmatchilar yanada yuqori natijalarni koʻrsatishlari uchun okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Zaynobiddin Iminov tunda otishning muvaffaqiyatli boʻlishini taʼminlovchi omillar yuzasidan mashgʻulot oʻtdi.

 

Tunda bajariladigan har qanday mashgʻulotga komandirlar tarkibining diqqati ikki barobar kuchliroq qaratilishi, texnika xavfsizlik qoidalariga qatʼiy amal qilinishi borasida koʻrsatmalar berib oʻtdi.