Aviatsiya bilim yurtida boshlangʻich tashkilot yetakchilari bilan oʻquv-seminari o‘tkazildi

0
1376

Qaysi tizimda faoliyat yuritmasin, yoshlar mamlakatning yetakchi kuchi hisoblangan. Ularda vatanparvarlik hissini yanada shakllantirish, komil inson qilib tarbiyalash yurt taraqqiyotining kelajagini belgilaydi. Qarshi shahridagi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat Kengashi bilan hamkorlikda harbiy qism va muassasalardagi 30 nafar boshlangʻich tashkilot yetakchisi ishtirokida oʻtkazilgan oʻquv-seminar ham ayni maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatli boʻldi.

Tadbir davomida kuch tuzilmalaridagi yoshlar yetakchilariga davlatimiz rahbarining 2017-yil 17-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini yanada oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori, “Oʻzbekiston-2030” strategiyasi mazmun-mohiyati, yetakchilar faoliyati samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan yangicha metodikalar haqida maʼlumotlar taqdim etildi.

Shuningdek, hamkorlikda amalga oshiriladigan yangi loyihalar, Qurolli Kuchlar tizimida yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish, harbiy qism va muassasalardagi yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, oʻz ijodiy hamda intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun zarur sharoit yaratish boʻyicha tushunchalar berildi.

Shuningdek, oʻtgan 9 oyida yoshlarga oid davlat siyosati yuzasidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, yil yakuniga qadar yosh harbiy xizmatchi va xodimlar oʻrtasida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan rejalar ishlab chiqildi.

Seminar ishtirokchilari bilan yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda yosh harbiy xizmatchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish boʻyicha Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtidagi boshlangʻich tashkilot yetakchisi misolida amaliy mashgʻulotlar tashkil etildi. Yuqori natijalarni koʻrsatgan hamda oʻquv-seminarda faol ishtirok etgan yoshlar yetakchilariga Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi tomonidan sertifikatlar topshirildi.