Fargʻonada “Vatan tayanchi” otryadi aʼzolariga koʻkrak nishonlar topshirildi

0
1009

Fargʻona viloyati Toshloq tumanida umumtaʼlim maktablaridagi “Vatan tayanchi” otryadi aʼzolariga koʻkrak nishonlar topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Fargʻona garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari, tuman mudofaa ishlari boʻlimi, Qurolli Kuchlar faxriylari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

2022-yil 2-mart kuni O‘zbekiston Prezidentining “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingandi. Bu oʻz navbatida, yurtimizda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining mutlaqo yangicha yoʻnalishi, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning yangicha shakli hisoblanadi.

Qarorda davlat umumtaʼlim maktablarida taʼlim olayotgan 10—11-sinf oʻquvchilari orasidan vatanparvar, eng intizomli va bilimli, tashabbuskor boʻlgan 20 nafar yoshlarni saralab olish orqali “Vatan tayanchi” otryadlarini tashkil etish belgilangan.

Shuningdek, qarorda “Vatan tayanchi” otryadlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tegishli idora va tashkilotlarga vazifalar, otryad aʼzolarining oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishlari uchun imtiyozlar ham nazarda tutilgan.

Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar otryad a’zolariga ushbu sharafli nishonni taqib yurishga munosib boʻlibgina qolmasdan, kelgusida oʻz tengdoshlaringiz orasida haqiqiy vatanparvar, yetakchi va tashkilotchi boʻlishingiz zarurligini ta’kidlashdi. 

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati