“Hamkorlik-2021”: Qizg‘in mashg‘ulotlar va oshpazlar mahorati

0
721

“Termiz” poligonida “Hamkorlik-2021” O‘zbekiston-Qozog‘iston qo‘shma o‘quvining asosiy bosqichiga tayyorgarlik jarayoni qizg‘in kechmoqda.

Rejaga ko‘ra ikki davlat harbiy xizmatchilari qo‘shma o‘quvning dastlabki sinov mashqlarida ishtirok etdilar. O‘quv dasturiga ko‘ra chegara hududini buzib kirishga uringan noqonuniy qurolli guruhga qarshi jang olib borish jarayoni tashkillashtirilib, tomonlar keng ko‘lamli harakatlarni amalga oshirdi. Shartli dushman guruhini yo‘q qilishda motoo‘qchi bo‘linmalarga qiruvchi samolyotlar, jangovar vertolyotlar, zirhli texnikalar, artilleriya zarbasi orqali ko‘mak berib turildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, qozog‘istonlik qardoshlar birinchi kunning o‘zidayoq o‘zbekistonlik hamkasblari bilan hamjihatlikda harakat olib borish hadisini o‘zlashtirib oldilar. Bu holat rejalashtirilgan hujum taktikasining muvaffaqiyatini ta’minladi.

Poligondagi dastlabki sinov mashqlarini muvaffaqiyatli bajargan harbiy xizmatchilar uchun ikki davlat oshpazlari tomonidan milliy taomlar – osh va beshbarmoq tayyorlandi. Mahoratli harbiy oshpazlar O‘zbekiston xalq baxshisi Muhammad baxshi hamda havaskor baxshi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi oddiy askar Rustam baxshining do‘mbiralari sadolari ostida kechki ovqat dasturxoniga bir-biridan mazali taomlarni tortiq qildilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti