Qurolli Kuchlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar koʻrik-tanlovlari gʻoliblari aniqlandi

0
1294

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasida Qurolli Kuchlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar oʻrtasida “Tarix bilimdoni”, “Eng yaxshi harbiy qoʻshiq ijrochisi”, “Eng yaxshi yosh adib” hamda “Eng yaxshi yosh shoir” yoʻnalishlaridagi koʻrik-tanlovlarining respublika bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar hamda Madaniyat va turizm vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Fanlar akademiyasi tarix instituti, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur koʻrik-tanlovlar milliy armiyamizda harbiy-vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat, milliy ruh, milliy gʻurur tuygʻularini kuchaytirish, intelektual, ijodiy salohiyatni yanada rivojlantirishni asosiy vazifa sifatida oʻz oldiga qoʻyganligi bilan eʼtiborlidir.

Mudofaa vazirligi sharafini himoya qilgan kapitan Bunyod Qarshiyev “Tarix bilimdoni” yoʻnalishining “Harbiy sanʼat tarixi bilimdoni”, III darajali serjant Botir Hojiyev “Eng yaxshi harbiy qoʻshiq ijrochisi” yoʻnalishining “Eng yaxshi jangovar qoʻshiqlar ijrochisi”, muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askar Erali Avazmurodov “Eng yaxshi yosh shoir” yoʻnalishida, muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askar Bekzod Ashirboyev “Eng yaxshi yosh adib” yoʻnalishida gʻolib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Gʻolib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovgʻalarini Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi boshligʻi, senator Minhojiddin Mirzo, Fanlar akademiyasi tarix instituti ilmiy xodimi Anora Togʻayeva, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi xodimi Akmal Safarov hamda boshqa hakamlar hayʼatining aʼzolari tomonidan tantanali tarzda topshirildi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Shuhrat Dadajonov va xushovoz xonanda Bahriddin Zuhriddinov Vatanni madh etuvchi hamda shoʻx qoʻshiqlari bilan koʻrik-tanlovlar ishtirokchilari va tadbir qatnashchilariga bayramona kayfiyat ulashdi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti