Kattaqo‘rg‘onda vzvod taktik o‘quvi o‘tkazildi

0
2346

“Kattaqo‘rg‘on” dala-o‘quv maydonida Navoiy garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari ishtirokida vzvod taktik o‘quvi bo‘lib o‘tdi.

Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farrux Ziyabayev rahbarligida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar davomida vzvod shaxsiy tarkibi shartli dushmanning harakatini to‘xtatish uchun o‘z pozitsiylarini egalladi va dushmanga qarshi dastlab artilleriya olovini yog‘dirdi.

Vzvodning birdamlikda harakatlanishi hamda komandirning tez va aniq qarorlarni qabul qilishi tartib-qoidalar va qiyinchiliklar ostida oʻtadigan jangovar harakatlarning muvaffaqiyatini taʼminladi.

Gaubitsali artilleriya qurollari hamda juftlikda harakatlangan tanklarning zarbalari orqali shartli dushmanning asosiy kuchlariga talafot yetkazilgach, “BTR”lardan nishonlarga qarata snaryadlar, yirik kalibrli pulemyotlardan oʻqlar “yomgʻiri” yogʻdirildi.

Quvonarlisi, vzvod shaxsiy tarkibida muddatli harbiy xizmatchilar ham ishtirok etib, olingan nazariy bilimlarini amalda mustahkamlash bilan birga, zamonaviy jang sharoitida mustaqil qaror qabul qilish va vzvodning jangovar vazifani ado etishida o‘zining majburiyatini chururroq anglashiga turtki berdi.

Taʼkidlash kerakki, mazkur nazorat oʻquv mashgʻulotlarining har bir oʻquv nuqtasida bajarilgan harakatlar harbiy qismning boshqa barcha batalyon va vzvod komandirlar tomonidan kuzatib borildi. Mashg‘ulotlarni kuzatish davomida qo‘mondon bu jarayon ular uchun kelgusidagi ana shunday oʻquvlarda qoʻllaniladigan oʻziga xos koʻnikma, tajriba boʻlishi lozimligini takidlab o‘z ko‘rsatmalarini berib o‘tdi.

Umuman olganda vzvoddagi harbiy xizmatchilarining mahorati yana bir marta sinovdan oʻtkazilib, matonati amalda namoyon etildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati