Hamkorlik doirasi kengaymoqda

0
1429

Respublikamizda faoliyat koʻrsatayotgan har bir oliy taʼlim muassasasi borki, ularning eng asosiy vazifasi davlatimiz taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan kadrlarni tayyorlashdan iborat. Tibbiyot, iqtisodiyot, bank-moliya, madaniyat, turizm va sport, qurilish-muhandislik, qishloq xoʻjaligi, transport kabi oʻnlab, yuzlab sohalarda taʼlim olayotgan yoshlarimiz kelajakda mamlakatimiz ravnaqini taʼminlovchi avlod boʻlib xizmat qiladi. Ular qatorida Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim maskanlarida esa davlatimiz suveriniteti, tinchligimiz va yurtimiz qoʻriqchilari boʻlmish boʻlgʻusi ofitserlar – sharafli kasb egalari yetishib chiqadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi qarori bilan Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti maxsus fakulteti bazasida tashkil etilgan Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti ham bu borada oʻzining munosib oʻrniga ega. Institut qisqa vaqt ichida ilm-fan, innovatsiya, taʼlim salohiyati borasida eʼtiborga molik yutuqlarga erishib ulgurgani diqqatga sazovor. Bugungi kunda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida oʻnlab harbiy va Qurolli Kuchlar xizmatchisi boʻlgan professor oʻqituvchilar, ilmiy xodimlar va tajribali ustozlar kursantlarga saboq berib kelmoqda. Shu bilan birga taʼlim maskani xorijiy davlatlar va Oʻzbekistondagi qator taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan. Kuni kecha hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan roʻyxat yana bittaga koʻpaydi. Endi mazkur roʻyxatda Toshkent amaliy fanlar universiteti ham bor.

Universitet rektori, texnika fanlari doktori, professor Abdusalom Umarov boshchiligida uztozlar, faxriylar hamda talabalar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti mehmon boʻlib, taʼlim maskani imkoniyatlari, shart-sharoitlari, dars jarayonlari, shuningdek, oʻquv sinflari, kutubxona, sport inshootlari, aloqa vositalari muzeyi bilan yaqindan tanishdilar. Kursantlar va ustozlar tomonidan mehmonlar uchun ochiq darslar tashkil etildi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti boshligʻi, podpolkovnik Baxtiyor Rahimov va boshqa masʼul ofitserlar tomonidan ekskursiya davomida ularni qiziqtirgan savollar boʻyicha maʼlumotlar yetkazildi. Sohibqiron Amir Temur sinfida kursantlar va Toshkent amaliy fanlar universiteti talabalariga buyuk sarkarda hayotiga oid maxsus dars tashkillashtirildi.

Tadbir yakunida ikki taʼlim muassasai rahbarlari tomonidan hamkorlik memorandumi imzolandi. Davlatimiz ravnaqi uchun ezgu maqsadni amalga oshirirish uchun tashlangan qadam samarali boʻlishi taʼkidlandi va bu jarayon esdalik sovgʻalari topshiri marosimi bilan mustahkamlandi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti