Harbiy kinologlar kursi yakunlandi

0
2084

Toshkent viloyati Chirchiq shahrida joylashgan Mudofaa vazirligi mutaxassis va xizmat itlarini tayyorlash markazida muhandis-sapyor boʻlinmalari hamda sapyor kinolog mutaxassislari uchun oʻquv kursi tashkil etildi. Barcha okrug harbiy qismlaridan kelgan yigirmaga yaqin soha mutaxassislari ikki oylik tayyorgarlik kursi davomida bilim va koʻnikmalarini oshirish imkoniyatiga ega boʻlishdi.

Itlar odamzod tomonidan oʻziga oʻrgatilgan birinchi uy hayvonlaridan hisoblanadi. Sodiq doʻst deya taʼriflanadigan bu jonivorlar zamon rivojlanishi bilan juda koʻp sohalarda insoniyatning eng yaqin yordamchisiga aylandi. Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida ham jangovar va boshqa vazifalarni bajarishda xizmat itlari koʻmagidan keng foydalanib kelinmoqda. Xususan, qoʻshinlarda kinologiya sohasini rivojlantirish maqsadida olib borilayotgan chora tadbirlar doirasida Mudofaa vazirligi mutaxassis va xizmat itlarini tayyorlash markazida tashkil etilayotgan oʻquv kurslari bugungi kunga kelib har tomonlama takomillashtirildi. Markazda oʻtkazilgan qurol-aslaha va portlovchi moddalarni qidirib topish yoʻnalishidagi navbatdagi oʻquv kursida harbiy qism va muassasalardan oʻz xizmat it bilan kelgan kinologlarga malakali yoʻriqchilar tomonidan mashgʻulotlar tashkil etildi.

Darslarning amaliy qismida umumiy va maxsus mashq kursi boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazildi. Umumiy mashq kursi qoʻyilgan vazifalarni bajarishda, maxsus mashq kursidan oldin oʻrgatiladigan dastlabki harakatlar hisoblanadi. Unda “Oʻtir”, “Tur”, “Yot”, “Sakra” kabi oʻndan ortiq buyruqlar mavjud. Shuningdek, xizmat itlari yordamida bino ichida, shahar, dala va oʻrmon sharoitida portlovchi moddalarni qidirib topish koʻnikmalari mustahkamlandi. Mazkur koʻnikmalar nazariy darslar jarayonidagi harbiy xizmatchilarning oʻzaro tajriba almashishi orqali yanada boyitildi.

“Mira” laqabli xizmat iti bilan kurslarda is

htirok etgan Janubiy-gʻarbiy maxsus harbiy okrugidan kelgan kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi oddiy askar Muzaffar Omondullayev oʻquv kursini aʼlo bahoga yakunlagan tinglovchilardan biri boʻldi. Bu borada unga nemis ovcharkasi zotiga mansub xizmat iti har tomonlama koʻmakchiga aylandi. Mashgʻulotlar davomida “Mira”dan tashqari Belgiya ovcharkasi va labrador-retriver zotli xizmat itlari ham qatnashib, ularning har biri harbiy xizmatchilar bilan birgalikda belgilangan topshiriqlarni bajarishda kinologiya sohasining biz bilmagan qirralarini namoyish etishdi.

“Mira”ni yoshligidan katta qilib kelayotgan oddiy askar Muzaffar Omondullayev xizmat iti bilan ikki yil koʻplab topshiriqlarni bajarishga ulgurdi. Ikki oylik oʻquv kursida ayrim mashqlar birinchi marta bajarilishiga qaramay “Mira” va boshqa xizmat itlari bir qancha yangi koʻnikmalarga ega boʻldi. Hatto himoya nimchalari kiydirilib, boshiga kuzatuv kameraliri oʻrnatilgani ularning kayfiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatmadi. Kinologlar asosan nemis va Belgiya ovcharkalari, labrador, spaniyel, setter, pudel, border-kolli zotli itlar xizmatidan koʻproq foydalanadi. Ularning portlovchi va giyohvand moddalar, qurol-yaroqlarni izlab topishda alohida xususiyatlari va imkoniyatlari yuqori. Shuning uchun ham mutaxassis va xizmat itlarini tayyorlash markazida aynan shu zotli itlar xizmatidan foydalanishga katta eʼtibor qaratilgan.

Maʼlumki, barcha zotli itlar uzoq masofadan masofadan hid olish qobiliyatiga ega. Bundan tashqari, ularning qorongʻulikda koʻrish imkoniyatlari ham yuqori. Yuqorida nomlari sanab oʻtilgan zotli itlardan portlovchi va giyohvand moddalar, qurol-yaroqlarni izlab topishda foydalanish samarasi yuqori hamda ularni bunga oʻrgatish osonroq. Aytaylik, xohlagan bir xonaki itni bunga oʻrgatish uchun uzoq vaqt kerak boʻladi. Qisqa qilib aytganda, choʻpon, ovchi, qoʻriqchi va xizmat itlari oʻz xususiyatlari hamda qobiliyatlariga qarab turli vazifalarni bajarishga moslashgan.

Ta’kidlash kerakki, Mudofaa vazirligi mutaxassis va xizmat itlarini tayyorlash markazi hamda harbiy qismlarda faoliyat olib borayotgan kinologiya mutaxassislari toʻrt oyoqli sodiq hamrohlari yordamida yurtimiz tinchligini qoʻriqlashda sidqidildan burchlarini bajarib kelmoqda. Markazda muntazam tashkillashtirilib turiladigan oʻquv kurslari esa bu borada soha mutaxassislari uchun hamisha qimmatli koʻnikmalarni oʻzlashtiruvchi tajriba maktabi boʻlib qolaveradi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti