Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari ishtirokida o‘quv-uslubiy yig‘in

0
1503

Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismda Surxondaryo viloyatidagi barcha umumtaʼlim maktablarining chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari ishtirokida oʻquv-uslubiy yigʻin oʻtkazildi.

Qayd etish joizki, bunday amaliyot respublikamizda ilk bor Surxondaryo viloyatida faoliyat olib borayotgan CHQBT fani oʻqituvchilar misolida qoʻllanilmoqda.

Tadbirda ta’kidlanganidek, bugun davlatimiz tomonidan yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor kelajakka qoʻyilgan poydevordir. Ertamiz egalarining jamiyatda oʻz oʻrinlarini topishi, ularni vatanparvarlik ruhida ulgʻayishlari va sadoqatli farzand oʻlaroq yurt taqdiriga kamarbasta boʻlib kamol topishlarida chaqiruvga qadar boshlangʻish tayyorgarlik fanining ahamiyati katta.

So‘zga chiqqanlar, mana shundan kelib chiqib ayni yoʻnalishda faoliyat olib borayotgan oʻqituvchilarning kasbiy bilimlarini oshirish, koʻnikmalarini mustahkamlash va oʻzaro tajriba almashish orqali qo‘yilgan maqsadlarga erishishlarini misollar orqali keltirib o‘tdilar.

Shuningdek, yig‘in davomida harbiy-maʼmuriy sektor bilan hamkorlikda ummumtaʼlim maktablarining ayni yoʻnalishdagi sinflarni toʻliq taʼmirlash va ularni oʻquv moddiy baza bilan butlash boʻyicha vazifalar belgilab olindi.

Katta leytenant Shohrux Saidov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti