O‘zbekistonlik merganlar italiyalik mutaxassislar bilan tajriba almashdi

0
1511

Namangan garnizonidagi “Gʻurumsaroy” dala oʻquv maydonida joylashgan Merganlar tayyorlash markazida Italiya Qurolli Kuchlari mutaxassis merganlari ishtirokida trening mashgʻulotlari boʻlib oʻtdi.

Treningga markaz oʻqituvchi va yoʻriqchilari, Sharqiy harbiy okrug mergan mutaxassislari hamda Mudofaa vazirligining turli qoʻshin turlaridan mutaxassis merganlar jalb qilindi. Ushbu trening 2022-yilda oʻtkazilgan Italiya Qurolli Kuchlari mutaxassis merganlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan mashgʻulotlarning mantiqiy davomi boʻldi.

Trening davomida sohaga doir tungi va kunduzgi sharoitlarda koʻplab amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi. Ishtirokchilar merganlik quroli, toʻpponcha va shaxsiy qurollarining imkoniyatlarini toʻliq foydalanish va taktik mashgʻulotlarda ushbu qurollarni mohirona qoʻllash koʻnikmalarini oshirdi.

Kichik guruhlar bilan merganlik qurollari, pistolet va avtomatda majmuaviy otish mashgʻuloti va taktik oʻquv mashgʻuloti ham tashkil etildi. Oʻquv mashgʻuloti davomida merganning shahar sharoitida taktik harakatlarni olib borgan holatda vazifani muvaffaqiyatli bajarishga urgʻu berildi.

Yakunda Italiya davlatidan tashrif buyurgan mergan mutaxassislar tomonidan Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari “Gʻurumsaroy” dala oʻquv maydonida harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlarga hamda Mudofaa vazirligi mergan mutaxassislarning bilim va koʻnikmalariga yuqori baho berishdi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati