Brigada tungi taktik oʻquvi oʻtkazildi

0
2834

Boʻlinma, vzvod, batalyon va brigada taktik oʻquv mashgʻulotlarining oʻziga xos tartib-qoidalari va qiyinchiliklari mavjudligini dala-oʻquv maydonidagi harakatlar orqali kuzatish mumkin. Ularning bir musht ostida birikishi esa ana shu tartib-qoidalar va qiyinchiliklar ostida oʻtadigan jangovar harakatlarning muvaffaqiyatini taʼminlaydi. Mudofaa vaziri oʻrinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov, Markaziy harbiy okrug qoʻmondoni polkovnik Farrux Ziyabayev hamda jangovar tayyorgarlik bosh boshqarmasi mutaxassislari kuzatuvi ostida boʻlib oʻtgan motooʻqchilar brigadasi taktik oʻquvida koʻzlangan maqsadlarga erishildi.

Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi motooʻqchilar brigadasining “Kattaqoʻrgʻon” poligonidagi taktik oʻquvini choʻl jimjitligin larzaga solgan toʻfonga qiyoslash mumkin. Maxsus kolonna bilan uzoq masofalik yoʻlni bosib oʻtgan harbiy xizmatchilar oʻzlariga tegishli jangovar zirhli texnikalar, artilleriya qurilmalari poligonidagi oʻquv nuqtalariga yetib keldi. Yuqori qoʻmondonlikdan tegishli topshiriqlarni olgan boʻlinma, vzvod hamda batalyon komandirlari oʻz shaxsiy tarkibini jang olib borish tartibi boʻyicha joylashtirildi. Oʻquv mashgʻuloti tungi sharoitda olib borilishi eʼtiborga olinib, maxsus yoritgichlar yordamida hududlar chegarasi belgilandi.

Mashgʻulot quyosh ufqqa bosh qoʻyib atrofni qorongʻulik chulgʻab olishi oldidan qiruvchi samolyot va vertolyotlar juftliklari havodan aviatsiya zarbalari orqali shartli dushmanning asosiy kuchlariga talafot yetkazish bilan boshlandi. Shundan soʻng reaktiv qurilmali hamda gaubitsali artilleriya moslamalari ishga kirishdi. Ular ortidan tank va BTRlardan nishonlarga qarata snaryadlar, yirik kalibrli pulemyotlardan oʻqlar “yomgʻiri” yogʻdirildi. Qoʻmondonlik boshqaruv nuqtalari va uchuvchisiz uchish apparatlari maʼlumotlari yordamida oʻt ochishga buyruq berilishi yuzasidan aniq va tezkor qarorlar qabul qilindi. Barcha qoʻshin turlari jangovar qurollaridan nishonlarga qarata ketma-ket oʻt ochildi. Amalga oshirilgan har bir harakat boshqa janovar boʻlinmalar, razvedka qidiruv guruhlari bilan birgalikda muvofiq tarzda tashkillatirildi. Harakatlar davomida amalga oshirilgan komandirlarning qarorlari, xaritada ishlash va shaxsiy tarkibni oqilona boshqarishi muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazildi.

Taʼkidlash kerakki, mazkur nazorat oʻquv mashgʻulotlarining har bir oʻquv nuqtasida bajarilgan harakatlar boshqa harbiy qismlardan taklif etilgan komandirlar tomonidan kuzatib borildi. Bu jarayon ular uchun kelgusidagi ana shunday oʻquvlarda qoʻllaniladigan oʻziga xos koʻnikma, tajriba boʻlishi eʼtiborga olindi. Har bir qoʻshin turi, uning faoliyati qaysi yoʻnalishga qaratilgan boʻlmasin, ularning barchasi oʻquv mashgʻuloti davomida bir maqsadni koʻzlagan holda harakat qildi.

Zamonaviy jang olib borish strategiyasini takomillashtirib borish harbiy xizmatchidan tinimsiz mehnat talab etdi. Ular tomonidan amalga oshirilgan mana shu harakatlar bunga misol boʻla oladi. Komandirlar esa strategik va taktik qarorlar qabul qilishda shaxsiy tarkibga oʻrnak boʻlgan holda qoʻl ostidagilarni hamisha olgʻa boshlay oladi. “Kattaqoʻrgʻon” poligonidagi tungi mashgʻulotlarda motooʻqchilar brigadasi harbiy xizmatchilarining chidamliligini, matonati va mahoratini yana bir marta sinovdan oʻtkazilib, yuqorida sanab oʻtilgan ana shu jihatlar amalda namoyon etildi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti