Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofitserlari ishtirokida o‘quv-uslubiy yig‘in tashkil etildi

0
1942

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi tasarrufidagi Nuriston qoʻrgʻonida joylashgan harbiy qismda okrug tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofitserlari bilan “Jangovar vaziyatlarda axloqiy-ruhiy taʼminotni tashkil etish” mavzusida oʻquv-uslubiy yigʻin tashkil etildi.

Yig‘in avvalida soha mutaxassislarining tashqi koʻrinishi hamda anjom-aslahalari mavjudligi saf koʻrigida tekshirib chiqildi. So‘ng, malakali ustozlar tomonidan dunyoda va mintaqada kechayotgan harbiy-siyosiy vaziyat boʻyicha tahliliy maʼruzalar qilindi, ishtirokchilar bilan mavzu doirasida atroflicha suhbat qurilgani esa yigʻilganlar bilimini mustahkamlash uchun xizmat qilishi aniq.

Harbiy xizmatchining jismoniy kamoloti eng muhim jihatlardan biri. Shu sabab yigʻin rejasiga asosan rahbariyat tomonidan jismoniy tayyorgarlik sinovlari ham qabul qilindi. Qayd etilgan natijalar har bir ishtirokchi yuqori tayyorgarlikka ega ekanini namoyon etdi.

Nazariy bilimlarni mukammal egallagan va axloqiy-ruhiy holati mustahkam harbiy xizmatchigina jang maydonida toʻgʻri qarorlar qabul qila oladi. Ayni shu jihatlar inobatga olinib, yigʻin davomida hissiy emotsional barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan mashgʻulotlar olib borildi. Oʻz mutaxassisliklari doirasida qabul qilingan test sinovlari ishtirokchilarning bilim darajasini koʻrsatdi.