Urganch garnizonida “Eng ilgʻor batalyon” koʻrik-tanlovi start oldi

0
2145

“Yangiariq” umumqoʻshin poligoni bazasida Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining umumqoʻshin batalyonlari yoʻnalishida “Eng ilgʻor batalyon” koʻrik-tanloviga start berildi. Joriy yilgi bellashuv eng kuchli va ahil harbiy jamoani aniqlash, jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarligi yuksak boʻlinmalarni ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etiladi.

3-oktyabr kuni boshlangan koʻrik-tanlovda ishtirok etayotgan Urganch garnizonidagi batalyon uchun mazkur sinovlar yangilik emas. Uchinchi yil ushbu bellashuvda qatnashayotgan boʻlinma koʻrik-tanlov shartlariga puxta hozirlik koʻrib, barcha sinovlarga tayyorgarlik koʻrib kelmoqda.

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida “Batalyon-taktik guruhlar jangovar tayyorgarligi yili” shiori ostida boʻlib oʻtayotgan sinovlar boʻlinmalarning saf hamda oʻquv-moddiy bazalari koʻrigi, qoʻrol-aslaha va harbiy texnikalarning holatini tekshirishdan boshlandi.

Koʻrik-tanlov doirasida boʻlinmalar maʼnaviy-maʼrifiy, taktik, taktik-maxsus, otish, jismoniy tayyorgarliklar, jangovar va avtomobil texnikalarini boshqarish, texnik tayyorgarligi, jangovar va ruhiy tayyorgarlikni oshirish kompleks mashgʻuloti hamda boʻlinmaga tegishli boʻlgan meʼyorlarni amaliy bajarish orqali baholanadi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati