Yurtimizga sharaf bilan qaytgan sportchilar kutib olindi

0
921

Joriy yilning 23-28-sentabr kunlari Chexiya Respublikasi Yablones-nad-Nisou shahrida sportning kemamodel turi boʻyicha Jahon chempionati oʻtkazildi. Yigirmadan ortiq davlatning 150 dan ziyod vakillari ishtirok etgan ushbu musobaqada sportchilar oʻzlari tomonidan yasalgan kemalar modellarini va ularning suvda harakatlanish imkoniyatlarini namoyon etdilar.

Quvonarlisi, chempionatda Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti sportchilaridan iborat Oʻzbekiston milliy terma jamoasi mamlakatimiz shaʻnini munosib himoya qilib, 3 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medallariga sazovor boʻldilar.

Jumladan, shaxsiy hisobda boʻlib oʻtgan bahslarda “Vatanparvar” tashkiloti sportchilari quyidagi natijalarga erishdilar:

  • Davronbek Ortiqboyev — oltin va kumush medallari;
  • Shahrizoda Muhammadaminova — oltin va kumush medallari;
  • Nail Xakimzanov — oltin va bronza medallari ;
  • Marat Xakimzanov — bronza medali;
  • Shavkat Ismatillayev — bronza medali.

Yurtimizga yuqori natijalar bilan qaytgan sportchilarni Toshkent xalqaro aeropotida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov kutib oldi. Uchrashuv chogʻida milliy terma jamoa aʻzolari samimiy qutlandi va ularga tashkilotning esdalik sovgʻalari topshirildi.

Eslatib oʻtamiz, “Vatanparvar” tashkiloti bir qator xalqaro sport tashkilotlari, jumladan, Xalqaro Kemamodelchilik federatsiyasi (NAVIGA)ning toʻla huquqli aʻzosi hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti matbuot xizmati