Surxondaryodagi harbiy qismda zamonaviy sport majmuasi va Madaniyat markazi foydalanishga topshirildi

0
1514

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Kakaydi qoʻrgʻonida joylashgan harbiy qismda barcha sharoitlarga ega sport zal va madaniyat markazi bunyod etilib, foydalanishga topshirildi.

Jarqoʻrgʻon tuman hokimligi, okrug qo‘mondonligi, faxriylar va bir guruh yoshlar ishtirokida oʻtgan tantanali ochilish marosimida soʻz olganlar barchani O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan tabriklab, bu kabi bunyodkorlik ishlari yurt himoyachilarining jangovar shaylik darajalarini yana bir pogʻona koʻtarishiga ishonch bildirdi.

Bayramlar, konsertlar va turli tadbirlar oʻtkazishga moʻljallangan qariyb 600 oʻrinli madaniyat markazi endilikda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari uchun beminnat xizmat qiladi.

Shuningdek, markazda harbiylarning soha mutaxassisi boʻlgan turmush oʻrtoqlari va tumanning malakali ustozlari rahbarligida raqs, musiqa va sanʼat toʻgaraklari, kutubxona hamda muzey faoliyat boshladi.

Harbiy xizmatchilar, ularning farzandlari va tuman yoshlari uchun xizmat koʻrsatishga moʻljallangan sport zal barcha zamon talablariga javob beradigan sharoitga ega. Oʻnlab turdagi trenajyorlarda harbiy xizmatchilar oʻz jismoniy imkoniyatlarini oshirishlari mumkin.

Har qanday ob-havo sharoitida ham harbiy qism hududidan chiqmagan holda sportning deyarli barcha turi bilan shugʻullanish imkoni mavjud. Bundan tashqari harbiy sportchilar va tumanning sport ustalari boshchiligida yoshlar uchun boks, dzyudo, kurash, yengil atletika kabi sport toʻgaraklari faoliyat boshladi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni