Mudofaa vazirligi Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi harbiy xizmatchilarining yangi namunadagi maxsus kiyim rusumi tasdiqlandi

0
1539

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri tomonidan Mudofaa vazirligi Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi harbiy xizmatchilari uchun yangi namunadagi maxsus kiyim rusumi tasdiqlanib, uni kiyib yurish qoidalari belgilandi.

Ushbu maxsus kiyim rusumi jahon mamlakatlari harbiy politsiya bo‘linmalarida joriy etilgan kiyimlari, ularning xizmat jarayonida shaxsiy tarkibga qulayligi, fasllarga ko‘ra, ya’ni harbiy xizmatchiga yozgi vaqtda salqin, matoning havo o‘tkazuvchanligi, qishki sovuq vaqtda kiyim rusumining issiq tutishi o‘rganib chiqildi va inobatga olinib, tayyorlandi.
O‘z o‘rnida kiyim rusumiga qo‘shimcha qo‘yilgan rang va nur qaytaruvchi matolar harbiy xizmatchilarning xizmat o‘tash jarayonida shaxsiy xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Hozirda respublikamizdagi barcha garnizon Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi shaxsiy tarkibi maxsus kiyimlar bilan to‘liq tarzda ta’minlandi va harbiy xizmatchilar o‘z xizmat vazifasini yangi namunadagi kiyim-rusumida o‘tamoqdalar.

Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi harbiy xizmatchilari maxsus kiyimlarini kundalik xizmat jarayonida, o‘z xizmat vazifasini bajarish vaqtida, shuningdek, shaxsiy tarkibning avtomobillarda harakat xavfsizligini ta’minlash hamda harbiy kolonnalarning kuzatuvini tashkillashtirishda kiyib yuradilar.

Ushbu maxsus kiyim rusumini faqat Mudofaa vazirligi Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasidagi mavjud lavozimida haqiqiy harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar o‘z xizmat vazifalarini bajarish vaqtida kiyib yurishi belgilandi. Ushbu maxsus kiyim rusumini o‘z xizmat faoliyati jihatidan Mudofaa vazirligi Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasiga taalluqli bo‘lmagan harbiy xizmatchilar, shuningdek, fuqarolarning kiyib yurishi taqiqlanadi.

 

Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasining maxsus kiyim rusumini ruxsatsiz kiyib yurgan shaxslar qonunda belgilangan tarktibda javogralikka tortiladi.

Maxsus kiyim rusumi quyidagicha belgilangan:

  • qishki – mo‘ynali quloqchin beysbolka, mavsumiy qishki kurtka, kundalik yengi uzun kurtka va shim, yengi uzun futbolka, yuqori qo‘njli botinka, qo‘lqop, sharf;
  • mavsumiy – kundalik beysbolka, kundalik yengi uzun kurtka va shim, yengi uzun futbolka, tufli;
  • yozgi – kundalik beysbolka, yengi kalta kundalik kurtka va shim, yengi kalta futbolka, tufli.

Maxsus kiyim rusumlarining ustki kiyimlariga ushbu kiyimning rangidagi o‘rnatilib-yechiladigan pogon taqiladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti