Nukusda 100 nafar yoshlar “Jasorat maktabi” yigʻinida ishtirok etmoqda

0
641

Nukus garnizoni harbiy qismlarining birida “Armiya – vatanparvarlik va jasorat maktabi” shiori ostida “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻinining 2-mavsumi davom etmoqda.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bilim va koʻnikmalari, maʼnaviyati va jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash va oʻqitishni koʻzlagan mazkur yigʻin Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Yoshlar Ishlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda kuch tuzilmalari masʼul vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida boʻlib oʻtishi hamda 10 kun ichida ular bilan jangovar, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik, IT-texnologiyalari, tadbirkorlik hamda kasb-hunarga yoʻnaltirilgan mashgʻulotlar olib borilishi rejalashtirilgan edi.

Oʻquv yigʻinining birinchi kunidan yoshlar sport kiyimi va harbiy dala kiyimi bilan taʼminlanib, Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning biriga malakali ofitser va serjantlar nazorati ostida joylashtirildi. Yigʻin ishtirokchilari uchun Nukus harbiy gospitalida bepul chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar va mutaxassislar maslahati tashkil etildi. Maktabning oʻziga xos tomoni shundaki, yoshlarning oʻn kuni fuqarolik hayotidan harbiycha hayotga oʻzgartirilib, ularni jipslikda, hamjixatlikda harakat qilishga, oʻziga boʻlgan ishonchini orttirishga, bolalikda qilgan hatoliklarini takrorlamaslikka oʻrgatishdan iborat. Bu esa oʻz navbatida, egniga harbiy libos kiygan har bir azamat oʻgʻlonlarda liderlik qobiliyatlarini shakllantirib, harbiylardek kuchli va jasoratli boʻlishga undaydi.

Oʻquv yigʻini ishtirokchilari oʻn kunlik yigʻin taassurotlari bilan oʻrtoqlasharkan, har bir oʻtayotgan kun mazmunli va manfaatli tashkil etilayotganini mamnuniyat bilan aytib oʻtishdi.

Turli davra suhbatlari, profilaktik tadbirlar, harbiycha kundalik tartib-intizom, sport musobaqalari va jismoniy mashqlarda toblanayotgan yoshlarda ushbu yigʻin katta taassurotlar qoldirmoqda.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati