Qashqadaryoda “Koʻpkurash” harbiy-vatanparvarlik musobaqasiga start berildi

0
1158

Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumani markaziy oʻyingohida “Koʻpkurash” harbiy-vatanparvarlik musobaqasining dastlabki bosqichiga start berildi. Viloyatning barcha tuman, shahar hamda mahallalaridan tarkib topgan jamoalar oʻrtasida oʻtkazilishi belgilangan bellashuvlarning sektor bosqichini Qashqadaryo viloyati hokimi oʻz nutqi bilan ochib berdi.

Taniqli sanʼatkorlar ijrosidagi kuy-qoʻshiq va raqslar, sahna koʻrinishlari, harbiy xizmatchilar tomonidan ishlangan koʻrgazmali chiqishlar yigʻilgan mingga yaqin tuman ahliga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.

“Milliy armiyamiz yoshlar nigohida” shiori ostidagi bellashuvlarda ishtirok etayotgan jamoalar tarkibida 8 ta 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan sportchilar jam boʻlgan. Yuqori kayfiyatda start olgan bellashuvlarning qurolni qismlarga ajratish va yigʻish shartida har bir jamoadan ikki nafar ishtirokchi oʻz mahoratini namoyon etdi. Jarayonlarni Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug masʼul ofitserlari diqqat bilan nazorat qilib bordilar.

Tezkor savol-javob shartida bilimlar sinovdan oʻtgan boʻlsa, “Street Workout” usullarini bajarish, estafeta yugurish singari sinovlar ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarliklarini baholashga asos boʻldi.

Pnevmatik quroldan bexato nishonga olayotgan ishtirokchilarni kuzatib, bu natijalar uchun uzoq vaqt mashgʻulotlarda toblanganliklarini sezish mumkin.

Shaffof va adolatli oʻtgan bellashuvlar sarhisobiga koʻra, Qarshi tumani “Gulshan” mahallasi yoshlaridan tarkib topgan jamoa birinchilikni qoʻlga kiritdi. Gʻolib va sovrindorlar tantanali ravishda taqdirlandi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati